Namanganda gullar bayrami qanday paydo boʻlgan?

Namangan shahridagi madaniyat va istirohat bogʻi oʻrnida qadimda Gulzor mahallasi boʻlgan. Mahalla fuqarolari gulchilikning hadisini olgan edi. Gulob, gul sharbati, gul qand, gul asali tayyorlab sotardi. Gulning barg va ildizlaridan shifobaxsh damlamalar tayyorlanar edi. Mahallaning gulchilikdagi dovrugʻi Qoʻqon xoni Xudoyorxonga yetgach, u Namangan shahriga kelib, madrasa qurdirish uchun aynan Gulzorni tanlaydi. Aholini koʻchirib, binolar bunyod ettiradi.

Biroq 1875-yilning oktyabr oyida rus qoʻshinlari Namangan shahriga kirib, madrasani oʻzlariga qalʼa sifatida tanlaydi. Endi bu maskan uyezd boshligʻining bogʻi sifatida rivojlantiriladi. Bogʻ 1920-yilda yangi tashkil etilgan mahalliy hokimiyat ixtiyoriga berilgach, bu joyda katta hajmdagi ishlar olib borilgan.

1961-yilning 24-27-avgust kunlari Namangan shahrida ilk bor gul koʻrgazmasi tashkil etilib, u bayram sifatida anʼanaga aylandi. Yildan-yilga rivojlanib, taraqqiy etib bordi. Keyingi uch yil ichida bogʻ, gulchilik, gullar festivali misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi. Hatto, turnaqator gullar karvoni tashkil etildi.

Karantin tartibi bu vaqtgacha yakunlansa, joriy yilda ham 26-maydan 1-iyungacha Namanganda 60-xalqaro gullar festivali oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Ulashing | Поделись этим: