Onlayn darslarning yana bir foydali tomoni bor…

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy oʻquv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazgan yigʻilishida taʼlim muassasalarida, ayniqsa maktablarda meʼyorlarni qayta koʻrib chiqish kerakligini taʼkidladi. Davlatimiz rahbarining bu boradagi dolzarb topshiriqlari yoshlarni bilimli qilib tarbiyalash yoʻlida barchamizga yangi ruh, ilhom bagʻishladi.

Koronavirus pandemiyasi davrida barcha maktablar onlayn taʼlim berish tizimiga oʻtgani ham bizning yutugʻimiz, aslida. Toʻgʻri yangi amaliyot boshida kamchiliklar boʻlishi tabiiy, albatta. Umuman olganda, bu jarayonda oʻqituvchilar va ota-onalar, oʻquvchilarning faolligi kuzatilayotgani quvonarlidir.

Bu tizim karantin sharoitida oʻquvchilarning fanlarni oʻz vaqtida oʻzlashtirishiga qulay imkoniyat yaratmoqda. Onlayn darslarimiz odatdagidek ertalabdan boshlanadi. Oʻquvchilar bilan boshqa qiziqarli mavzularni ham muhokama qilamiz. Internetga ulanishning imkoni boʻlmagan oʻquvchilarimiz bilan telefon orqali gaplashib turamiz.

Iqtidorli, ijodkor oʻquvchilarimiz koʻp. Darslar tugagandan soʻng kun davomida telegram guruhimiz orqali ana shu oʻquvchilarning yangi ijod mahsullaridan bahramand boʻlamiz. Dars, uy ishlaridan ortib kimdir sheʼr, hikoya, maqola yozgan, kimdir bir asarni oʻqib tugatgan, yana kimdir tikuvchilik, pazandachilik va ustachilik bilan shugʻullangan boʻladi. Biz ularga oʻz munosabatimizni bildiramiz. Ota-onalarga ham ming rahmat, bolalarining darslarga vaqtida qatnashib, uy vazifalarini tayyorlashini nazorat qilib turibdi.

Maʼlumki, yoshlarimiz bizga qaraganda internet va ijtimoiy tarmoqlardan koʻproq foydalanadi. Buni eʼtiborga olsak, onlayn darslarning yana bir juda muhim foydali tomoni ham borligini aytish joiz. Xususan, yoshlarimizda internetdan asosan foydali narsalarni koʻrib, bilib, unumli foydalanish koʻnikmasi hosil boʻlmoqda.

Zebo SHOYEVA,
Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi 37-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi.

Ulashing | Поделись этим: