Erkin Vohidovning gonorarga olgan avtomashinasi

18-may – Xalqaro muzeylar kuni

Bu maskanga muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qahramon shoirimiz nomi berilib, ijodkorlar bog‘i deb atala boshlandi. Ostonadan o‘tishingiz bilan savlat to‘kib turgan O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning muhtasham haykali.

Biz shoirning memorial muzeyida bo‘lganimizda ham shular haqida batafsil suhbatlashdik. Muzey mudirasi Mamlakatxon Haydarova yangi tashkil topgan muzeyga shoirning oila a’zolari qimmatli ma’lumotlar va buyumlarni taqdim etganini aytib qoldi:

– Muzeyimiz bilan tanishuv ustoz shoirning «art-trio» janrida ishlangan portreti bilan boshlanadi. Ko‘rib turganingizdek, muhtaram Prezidentimizning Erkin Vohidovning 80 yillik tavalludini nishonlash bo‘yicha qarori. “Shoir bo‘lsang, bo‘lsin qalbing, Elga qurbon bo‘lgulik” deya ustozning she’riy satrlari bilan nomlaganmiz ekspozitsiyamizni. Eksponatlarimizni jamlashda bizga shoirning rafiqasi Gulchehra Vohidova, o‘g‘li Xurshid Vohidovlar yaqindan ko‘mak berishdi. Unga taalluqli buyumlarni bajonidil muzeyga taqdim qilishdi. Zalimizning yana bir burchagida shoir ijodxonasini yaratganmiz. Undan Erkin Vohidov foydalangan buyumlar, u kishining sevimli shaxmatlari o‘rin olgan.

Muzeyga kiraverishda yana bir muhim eksponat bor. GAZ-24 avtomashinasi. Erkin Vohidovning o‘tgan asrning 70-yillarida milliy adabiyotimizning shov-shuvli, bestseller asarga aylangan “Muhabbatnoma” (1976) to‘plami bir necha bor qayta nashr etilgan. Minglab kitobxonlar orasida qo‘lma qo‘l bo‘lib o‘qilgan. Ushbu kitob uchun berilgan qalam haqi evaziga shoirimiz ana shu GAZ-24 rusumli avtoulovni xarid qilgan ekan. Mazkur avtoulov shoirimizning qanchadan-qancha buyuk asarlar, tarjimalar yaratilishida “tirik guvoh” bo‘lgan.

Shoirning chin ma’noda ikkinchi ma’naviy umri boshlandi. Shunisi quvonchliki, millat va Vatanni yonib kuylagan shoirning jo‘shqin misralari kelgusi avlod qalbida ham yashayveradi. Erkin Vohidov she’riyati mustaqillik davri adabiyotining porloq namunasi bo‘lib qolaveradi.

Madaminjon SOLIJONOV

Ulashing | Поделись этим: