Tinchlik – eng buyuk g‘alaba

9 may – Xotira va qadrlash kuni

Ozodlik odamning eng obod manzili. Odam suyukli manzilining ozodligi uchun hamisha murosasiz kurashgan. Ozodlikdek qutlug‘ so‘zning qadrini urush zahmatlarini ko‘rgan bobolarimizdan so‘rang. Bir burda nonini ko‘zda yosh bilan yetimlarga tutgan momolardan tinglang. Har gal Xotira va qadrlash kuni yaqinlashar ekan ana shunday aziz nuroniylarimizning yonimizda borligiga shukrona keltiramiz. Tinchlikning qadrini teranroq anglashga harakat qilamiz.

Bu yil Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi butun dunyoda keng tantana qilinishi kutilayotgan edi. Dunyoni qurshagan dard tufayli bu ulkan tadbirni qalban yaqinlikda qarshi olayapmiz. Shunday bo‘lsada, jahon xalqlarining yostig‘ini quritgan urushni bartaraf etishda katta xizmat ko‘rsatgan ota-bobolarimiz jasoratini hamisha yodimizda saqlaymiz. Ushbu kun o‘z navbatida nafaqat xotirlash ayyomi balki, yaqinlarimizni, keksalarimizni ardoqlash pallasi hamdir. Shu ma’noda  Muhtaram Prezidentimizning “Hammamiz yaxshi tushunamiz, keksalarimiz, mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizni rozi qilsak, butun xalqimiz, jamiyatimiz bizdan rozi bo‘ladi. Ularning tabarruk duolari – bu, avvalo, el-yurtimizning duosi, desak har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu munosabat bilan ta’kidlab aytmoqchiman – keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning ijtimoiy ta’minoti, tibbiy xizmatdan foydalanishi, maishiy sharoitlarini yaxshilash, hurmatli faxriylarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, e’zozlash va ardoqlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi”, degan so‘zlari yurtimiz nuoniylariga bo‘lgan hurmat-ehtiromning yorqin namunasidir.

O‘tib borayotgan sinovli kunlar bizga hayot shukronasini, yaqinlarimizni asrab-avaylash, insonlarga ezgulik ulashib yashashdek fazilatlarni yana bir bor o‘rgatib qo‘ymoqda. G‘alaba, xotira va qadrlash ayyomida esa aziz nuroniylarimiz hamisha omon bo‘lsin, duolari ila bizga suyanchiq bo‘lib yurishlarini istab qolamiz. Zotan, tinchlik – eng buyuk g‘alaba, keksalarimiz esa ana shu tinchlikning haqiqiy fidoyilaridir. Ularning bu fidoyiliklari navqiron avlod qalbida yashashda davom etadi.

Tahririyat

Ulashing | Поделись этим: