Oppog‘oyning yaratilishi yohud ilk rangli multfilm

82 yil avval – 1937-yilning 21-dekabrida – Los-Anjelesdagi Carthay Circle Theatre kinoteatrida “Oppog‘oy va yetti gnom” multfilmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Bu Uolt Disneyning ilk to‘liq metrajli rangli multfilmi edi. O‘sha paytlari Gollivudda eng ko‘p muhokama bo‘lgan “Oppog‘oy” o‘z egasiga tanqidchilar maqtovi, “Oskar” mukofoti va bir necha millionlarni olib keldi. Oradan shuncha yil o‘tsa hamki, multfilm o‘z janridagi eng yaxshilardan hisoblanadi. “Oppog‘oy” nimasi bilan 1937-yilda tomoshabinlar hayratiga sazovor bo‘lgan edi? 1934-yildan 1937-yilgacha multfilm yaratish ustida ish borar ekan, Disney studiyasi xodimlari aka-uka Grimmlarning mashhur ertagini ekranlashtirish uchun dam olmasdan mehnat qilar, taniqli multiplikatorning barcha injiqliklarini va g‘oyalarini inobatga olardi.

Uolt Disney to‘liq metrajli multiplikatsion film ishlamoqchiligini e’lon qilganida, ko‘pchilik kinotanqidchilar, animatsiya bo‘yicha hamkasblari va hatto, uning barcha g‘oyalarini moliyalashtiruvchi tug‘ishgan akasi Roy Disney ham bu fikrni ahmoqona deb hisoblaydi va “Disneyning navbatdagi injiqligi” deb o‘ylaydi.

Personajlar ustida rassomlar ish olib borayotganida, gnomlar, jodugar va qirolicha bilan ham hech qanday muammo bo‘lmagan. Biroq hech kim Oppog‘oy va uning shahzodasi qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini tasavvur qilolmasdi. Rassomlar ishini osonlashtirish uchun Disney bir necha aktyorlarni taklif qiladi. Animator Oppog‘oyni raqqosa Mardjori Belcherga, shahzodani esa Lyuis Xaytauerga qarab chizadi.Boshida yettita gnom qo‘pol va jirkanch personajlar sifatida tasvirlanadi, biroq animatorlar Fred Mur, Fred Spenser va Frek Tomas ularni yoqimtoy qilib tasvirlashadi. Ularning xarakteri ustida Disney e’tibor bilan ishlagan va shuning uchun hech biri takrorlanmas xususiyatga ega.

Multfilm ustida ishlangan uch yil davomida ellikdan ortiq animator bir yarim millionga yaqin surat chizgan.
“Oppog‘oy va yetti gnom” uchun Uolt Disneyga gnomlar soniga teng ravishda yettita mitti “Oskar” haykalchasi yasaladi. Multiplikatorga ularni odatiy mukofotga qo‘shib berishadi.

Paydo bo‘lganidan bugungi kungacha “Oppog‘oy va yetti gnom” eng yaxshi asarlar reytingidan turli o‘rinlarni egallab keladi. Masalan, Amerika kinostudiyasi tomonidan 2000-yilda e’lon qilingan yigirmanchi asrning eng yaxshi 100 ta Amerika filmlari reytingida multfilm 49-o‘rinni egallagan.

Internet materiallari asosida
Madaminjon SOLIJONOV tayyorladi

Ulashing | Поделись этим: