Qanday ustun kuchli?

Uy, bino va ko‘prik qurilishida albatta ustun ishlatiladi. Ustunlar kuchli va baquvvat bo‘lishi kerak. Shundagina ustidagi yukni ko‘tara oladi. Bu tajribamizda silindr, to‘rtburchak va uchburchak shaklda ustunlar yasab, ularning qaysi biri kuchliroq ekanini sinab ko‘ramiz.

Kerak bo‘ladigan narsalar:

1. 3 dona rangli karton.
2. Chizg‘ich (jazbar).
3. Qalam.
4. Skotch.
5. 4-5 ta kitob.

Tajriba boshlandi:

1. Bir dona rangli kartonni olib eniga 4 bo‘lakka bo‘lamiz.

2. Bo‘laklarning har biridan 4 dona silindir ustun yasaymiz. Kartonni yumaloqlayotganimizda har birida 1 sm dan ortib qolsin. Mana shu ortiqcha joyini skotch yordamida yoki yelim
yordamida kartonning o‘ziga yopishtiramiz. Mana shu tartibda 4 dona silindr ustun yasaymiz.

3. 2-rangli kartonni olib uni yuqoridagidek qilib 4 bo‘lakka bo‘lamiz.

4. Kesib olingan bo‘laklardan to‘rtburchak shaklda ustun yasaymiz. Bunda ham bo‘laklarning har biridan 1 sm.dan oshiqcha joy tashlab ketamiz va mana shu ortiqcha qismini to‘rtburchakka yopishtiramiz. Shu tartibda to‘rtta ustun yasaymiz.

5. 3-rangli kartonni olib undan yuqoridagidek qilib uchburchak shaklda 4 dona ustun yasaymiz.

6. Tayyorlab qo‘ygan silindr ustunlarimiz ustiga fanersimon narsalar qo‘yib, stol holiga keltiramiz. Keyin kitoblarni olib asta-astalik bilan stol ustiga qo‘ya boshlaymiz. Silindr oyoqlar qanchagacha kitob ko‘tara olishini kuzatamiz. Erishilgan natijani yozib qo‘yamiz.

7. Endi stolimizning oyoqlarini avval uchburchak, keyin to‘rtburchak oyoq bilan almashtiramiz. Ularning qaysinisini qancha kitob ko‘tara olishini kuzatamiz.
Erishilgan natijani yozib qo‘yamiz.

Nimalarni ko‘rdik?

Ustunlarning ichida eng kuchlisi silindr shaklidagisi ekanini ko‘rdik. Keyingi o‘rinda uchburchak va oxirgi o‘rinda to‘rtburchak shaklli ustunlar turishini bilib oldik.

Nima uchun shunday bo‘ldi?

Silindr ustunlarning bukilgan yeri yo‘q. Shuning uchun unga tushgan og‘irlik ustun bo‘ylab bir xilda tarqab ketadi. Uchburchakli ustunda esa burchak soni uchta bo‘lganidan u silindrdan kuchsiz, to‘rtburchak ustundan kuchlidir. To‘rtburchakda burchaklar soni 4 ta bo‘lganidan u silindr va uchburchak ustunlardan kuchsizdir. Faqat uchlaridagi o‘qlar turli tomonga yo‘nalgan, xolos.

baxtim.uz

Ulashing | Поделись этим: