«Bolangizga hamma muammolaringizni ham aytavermang»

Qadimdan xalqimiz bolaning nafaqat jismoniy sog‘lom bo‘lishiga, balki ma’naviy barkamol bo‘lishiga ham katta e’tibor bergan. Hadislarda aytilishicha, farzandga ota-onadan meros sifatida qoladigan go‘zallik bu tarbiyadir.

Bola tarbiyasida qachonlardir yo‘l qo‘ygan xatoliklar keyinchalik salbiy natijalarga olib kelishi mumkin. Ota-onalar farzandlarini o‘z dunyoqarashi, fe’l-atvoridan kelib chiqqan holda qo‘ldan kelganicha tarbiya qiladilar. Lekin, farzandingiz o‘sib-ulg‘ayib, qanotingizga aylanish vaqti yetganda, sizni aksincha uyaltirib, mushkul ahvolga solsa, jamiyatda o‘z o‘rnini topolmay, noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketsa, nega bunday bo‘ldi ekan, qayerda xato qildim ekan, deb qolasiz.

Aslida esa bola tarbiyasining buzilishi siz o‘sha e’tibor qilishga arzimaydigan deb o‘ylagan kichkina xatoliklardan boshlanadi. Ota-onalar zimmasida o‘ta ma’suliyatli vazifasi yotadi. Bola tarbiyasini san’at deydigan bo‘lsak, bolaning o‘zi esa san’at asaridir. Ota-onalar esa ana shu asarlarning yaratuvchilari, ya’ni sayqolchilaridir. Demak bola tarbiyasi siz va bizga ota-onalarga bog‘liq.

To‘g‘ri tarbiya berishda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak? Bu borada quyidagi maslahatlar sizga yordam beradi, albatta

Xech qachon bolangizni “Seni endi yaxshi ko‘rmayman”, “bunday qilsang seni boshqa bolam demayman” qabilidagi gaplar bilan qo‘rqitishga harakat qilmang.

Ota-onalar fikri: Nima uchun bolalarimiz aytganimizni bajarmaydi? Asabga tegadi. Qanday yo‘l tutish kerak? Tarbiyalash lozim, ammo gapimizga quloq solmayapti-ku. Do‘q urib qo‘rqitsammikan? Deya fikrlashadi. Darhaqiqat, bunday vaziyatlarda ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini “Seni endi yaxshi ko‘rmayman”, deb qo‘rqitadilar.

Donishmandlar maslahati: Bolaga ortiq yaxshi ko‘rmaslikka va’da berish kuchli tarbiya usuli bo‘lsada, bu to‘g‘ri emas. Chunki, bolalar yolg‘onni xaqiqatdan darrov ajratib oladilar. Farzandingiz sizni yolg‘onchi kishi sifatida tasavvur etishga yo‘l qo‘ymang. Yaxshisi, siz bunday deng: “Seni yaxshi ko‘raman, lekin xulq-atvoring menga yoqmayapti”.

O‘zingizni befarqday ko‘rsatmang. “Bilganingni qil, menga baribir” qabilidagi gapni aslo aytmang.

Ota-onalar fikri: Arzimagan holatga ham asabiylashaymi? Yosh bolani urishib, bir nimalarni tushuntirib, isbotlab, bahslashib o‘tirish shartmi? Bola kichkina bo‘lsa ham muammosini o‘zi hal etishi kerak. Mustaqil bo‘ladi, hayotga tayyorlanadi.

Donishmandlar maslahati: Hech qachon bolangizga u nima bilan shug‘ullanishi sizni qiziqtirmaydigandek ko‘rsatmang. Bola bu befarqligingiz qay darajada “haqiqat” ekanligi tekshirib ko‘radi, ya’ni ataylab asabga tegadigan yomon qiliqlar qilib, sizning bunga munasabatingizni kutadi. Shu tufayli garchi uning xulq-atvori sizni umuman qoniqtirmasa-da, befarqlik ko‘rsatmang, aksincha farzandingiz bilan do‘stona aloqa o‘rnatib oling. Yaxshisi bunday deng: “Bilasanmi: bu ishing menga umuman ma’qul emas. Lekin senga yordam bergim kelyapti, chunki seni yaxshi ko‘raman. Xohlagan vaqtingda mendan maslahat so‘rashing mumkin”.

Haddan tashqari qattiq qo‘l bo‘lmang. “Sen faqatgina biz aytgan ishni qilishing kerak. Bizning aytganimiz aytgan, deganimiz degan” qabilida yo‘l tutmang va gapirmang.

Ota-onalar fikri: Bola ota-onalariga so‘zsiz quloq solishlari shart, bu tarbiyaning asosiy tamoyilidir. Buyruq muhokama qilinmaydi, balki uni bajarish kerak. Bola 6 yosh yoki 16 yoshdami, buni farqi yo‘q. Bolani zarracha siylash kerak emas, aks holda boshingizga chiqib oladi.

Donishmandlar maslahati: Bola ishni nima uchun bajarayotganligini bilishi shart. Bolani robotga o‘xshatib qo‘ymaslik kerak. O‘ta darajadagi qattiqqo‘llik yaramaydi. Bola ota-onasi oldida buyruqlarni so‘zsiz bajaraverishi mumkin, lekin so‘ng ota-onasidan xoli qolgan paytlarda ta’qiqlarga umuman quloq solmaydi. Buyruq berib bajartirgandan ko‘ra ko‘ndirib bajartirgan ma’qul. Bunday deganingiz yaxshi: “Hozir men aytganimni qilgan, kechqurun esa biz hammasini bamaylixotir muxokama qilamiz”.

Bolangizni haddan tashqari erkalatmang. “Buni o‘zim qilaman, erkatoyim buni hali o‘zi eplay olmaydi” desangiz xato qilasiz.

Ota-onalar fikri: Bola-podsho. Bolaga hamma narsani muhayyo qilib berishga tayyormiz. Bolalik-ajoyib va g‘aroyib o‘tishi kerak. Shu tufayli uning barcha istaklarini bajarishim lozim. Keyinchalik tarbiya qilaveraman.

Donishmandlar maslahati: Erkatoy bolalar hayotda ancha qiynaladilar. Ota-onalar bolaning o‘rniga hamma ishni o‘zlari bajarib beraversalar, bola o‘zini baxtli his etmaydi. Aksincha, ojiz va yolg‘iz sezadi. “Buni avval o‘zing bajarib ko‘rchi, agar qilolmasang, men senga bajonidil yordam beraman”, – deyish eng ma’qul yo‘ldir.

Bolangizga hamma muammolaringizni ham aytavermang.

Ota-onalar fikri: Bolam-eng yaqin do‘stim. U go‘yo katta odamday. U bilan hamma mavzuda gaplashaveraman.

Donishmandlar maslahati: Bolalar ota-onasini xursand qilish uchun hamma narsaga tayyor turadilar. Axir ota-ona bolaning eng yaqin odamlari-ku. Bola tengdoshlari bilan bolalik davrni chog‘ o‘tkazish o‘rniga ota-onasi muammolarini o‘zicha hal etishga tayyor turadilar. Bu esa ularning qiziqishlari bir chetda qolib ketishiga sabab bo‘ladi.

Bolani pulga o‘rgatmang.

Ota-onalar fikri: Pul borasida “qo‘limiz bir oz kaltaroq”, shu tufayli uning istaklarini deyarli bajo keltirmaymiz. Pulimiz ko‘p bo‘lganida, biz dunyodagi eng yaxshi ota-onalar bo‘lar edik.

Donishmandlar maslahati: Mehrni pulga sotib ololmaysiz. Odatda puldan qiynalgan ota-onalar farzandlari biror narsaga muhtojlikni his etmasliklari uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani bajaradilar. Lekin, siz bolaning barcha xohish-istaklarini bajara olmaganingiz uchun o‘zingizni aybdor deb his etishingiz kerak emas. Aslida bola uchun sizning mehr-muhabbatingiz, e’tiboringiz, bo‘sh vaqtingizni u bilan o‘yinlar o‘ynab o‘tkazishingiz sizning hamyoningizdan ham ko‘ra muhimroqdir. Bolangizni baxtli qiladigan pul emas, balki sizning mehringiz va e’tiboringizdir.

Bolaning qiziqishlarini hisobga oling. “Mening farzandim musiqa, rassomchilik, tennis bilan shug‘ullanadi. Men uni o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy borishiga yo‘l qo‘ymayman”, tarzida fikrlasangiz adashasiz.

Ota-onalar fikri: Ko‘pgina ota-onalar bolaliklarida pianino chalishni, balet, tennis bilan shug‘ullanishni orzu qilganlar, lekin bu imkoniyat bo‘lmagan. Ular endilikda bu orzularni o‘z farzandlarida amalga oshirishga harakat qiladilar. Bolaga bu mashg‘ulot yoqadimi, yo‘qmi, o‘ylab ko‘rmaydilar. Bolalarimiz katta bo‘lganlarida ota-onasining bu qarorini to‘g‘ri topib, hali bizga rahmat ham aytadilar, deb o‘ylaydilar.

Donishmandlar maslahati: Farzandlar har doim ham ota-onasining bunday qaror va urinishlariga tashakkur aytmaydilar. Chunki ularning qiziqishlari boshqa. Ota-onalar farzandlari uchun istagan yorqin kelajak hamisha ro‘yobga chiqavermaydi. Bola yoshligida ota-onaga quloq solishi mumkin, lekin keyinchalik mustaqil bo‘lishni istaganida qarshiliklar ko‘rsata boshlaydi. Bunday hollarda noto‘g‘ri yo‘lga ham kirib ketishi mumkin, ya’ni ichkilik, giyohvand moddalar qabul qilishi, sayoq yurishi mumkin. Bolaning bo‘sh vaqtini foydali mashg‘ulotlar bilan band qilib qo‘yganingiz to‘g‘ri, lekin uning qiziqishlarini ham hisobga olib, ya’ni o‘z xobbilari bilan shug‘ullanishi uchun ham bir oz bo‘sh vaqt qoldiring.

“Bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish uchun vaqtim yo‘q” demang.

Ota-onalar fikri: Ish ko‘p. Bog‘chaga yoki maktabga olib borsak, ovqat pishirib bersak, kiyim – kechagiga qarasak bo‘ldi-da! Bolaning o‘zi ota-onasining u bilan o‘ynashiga, ertak kitob o‘qib berishiga vaqti yo‘qligini tushunishi kerak.

Donishmandlar maslahati: Ota-onalar ko‘pincha oddiygina bir haqiqatni tushunishi istamaydilar: farzandni dunyoga keltirdingizmi, uni tarbiya qilishiga ham vaqt toping. Bola ota-onasining u bilan shug‘ullanishiga vaqti yo‘qligini his etsa, dardini eshituvchi kishini begonalar orasidan qidira boshlaydi. Garchi sizning har bir daqiqangiz ziq bo‘lsa-da, kechqurun bolangiz bilan shug‘ullanish uchun yarim soat vaqt toping. U bilan suhbatlashing, ertaklar aytib berib, uning qiziqishlariga quloq tuting, maslahatlar bering, mehrini qozoning. Shunda shubhasiz o‘ylagan natijaga erishasiz.

gujum.uz

Ulashing | Поделись этим: