Asragan ko‘zga cho‘p tushar…

Ichburuq, vabo, gepatit A, salmonellyoz… Kasalliklarning nomlariyoq kishini dahshatga soladi, tug‘rimi?

Mutaxassislar ularni «kir qo‘llar xastaligi» deb atashadi. Qo‘rqib ketdingizmi? Darhol qo‘llaringizni chayish istagi uyg‘ondimi? Biroz shoshmang-chi, bronxial astma, atopik dermatit, allergiya, eshakemi, ekzema kabi xastaliklar «toza qo‘llar kasalligi» ekanligini bilmasdingiz, shundaymi? Uyimiz, atrofimizdagi buyumlar, qo‘llarimizni toza saqlashga hadsan ortiq e’tibor qaratar ekanmiz, bu ishimiz immunitetimizning kuchsizlanishiga xizmat qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Axir inson immuniteti mikroblarni yengish orqali chiniqadi.

Gripp va virusli xastaliklardan bolalarni asrash uchun tarkibida xlor moddasi mavjud vositalar bilan uyni chinnidek tozalashga o‘rganib qolganmiz. Lekin belgiyalik mutaxassislar xlorli vosita bilan tozalangan xonadonda istiqomat qiluvchi bolalar boshqa kichkintoylarga nisbatan 20 foizga ko‘proq xastalanishlarini aniqlashgani ajablanarli. Demak, dilbandlarimizga gard ham yuqtirmaslikka intilishimiz, ularning xastalikka chalinish imkoniyatlarini orttirar ekan. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hududida obro‘li sanalgan pediatrlardan biri Yevgeniy Komarovskiy bolalar immunitetini doimiy ravishda chiniqgirib borish kerakligini, buning uchun o‘yinchog‘i polga tushib ketgan zahoti qaynoq suvga chayish shartmasligini ta’kidlamoqda.

Shunda uyingizdagi nisbatan bolaning ichaklarida himoyalovchi moddalar ishlab chiqarilar ekan. Amerikalik pediatr Mariya Shetrit-Klyayn ham «Bolalar ko‘chada o‘ynashlari va ularning organizmi chiniqishi lozim», deya ta’kidlashdan charchamaydi. Faqat chiniqtirish kerak ekan deb, masalan, axlatxona yaqinida o‘ynashlariga ruxsat berib bo‘lmaydi. Mutaxassislarning fikricha, bolani inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan chiqindilardan himoyalash shart!

med.uz

Ulashing | Поделись этим: