Bahor – maroqli oʻyinlar fasli

Bahor kelishi bilan kunlar ilib, yerdan qishning sovuq harorati koʻtariladi. Atrofni yashillik qoplaydi. Daraxtlar kurtak yozib, butun olam ajib goʻzallikka burkanadi.

Bunday paytda shaharlik bolalar qanday oʻyinlarni oʻynashadi, bilmadim. Ammo qishloq bolalari oʻqish va uy yumushlaridan ortib, keng dalada chillak oʻynaydi, lanka tepadi. Qizlar onasi tikib bergan nimchani egniga kiyib, qoʻllariga chelak tutgancha ariq boʻylariga yalpiz tergani chiqadi. Ishlari ado boʻldi deguncha dugonalari bilan mak-mak, mehmon-mehmon, besh-tosh oʻynagani oshiqadi.

Bahor – kunlar uzaygan mahal. Oʻyinga qiziqib ketgan bolalar qorongʻu tushganini ham sezishmaydi. Qosh qorayganda uyga kirib keladi. Ovqatlanadi, soʻng dars qilib, tezda uxlab qoladi. Telefon titkilash, televizor koʻrishga vaqti qolmaydi (Balki ularga bularning qizigʻi ham yoʻqdir). Ularda telefonga shunchaki rasmga tushiradigan, gaplashadigan va qoʻshiq eshitadigan oddiy matohdek qarash odat boʻlib qolgan.

Qishloqda bu “armisoqdan” qolgan oʻyinlarni oʻynab zamondan ortda qolib ketadiku, deb achinishga shoshilmang. Bu oʻyinlar bolalarga kuch beradi. Kayfiyatni koʻtaradi. Oʻqishlarida unum, ishlarida baraka beradi. Qishloqda biz bilan loy-loy oʻynab, chillakda nishonni bir olib, bir ololmay, lankani boplab tepgan oʻgʻil-qizlarning masʼul lavozimlarda ishlayotganini bilaman. Bir qishloqdoshim hozir Navoiyda advokat. Uni har gal uchratganimda yoki gaplashganimda esingdami, deb boshlashim bilan yuziga tabassum yuguradi. Bolalikdagi xotiralarni yaxshi kayfiyat bilan eslaymiz. Shu xotiralardan sizga ham ilinmoqchiman.

Bolaligimizda biz shunchalar baxtli edikki, kechasi svet oʻchib qolishi, sham yorugʻida dars qilish, uyda gaz yoʻqligidan oʻchoqqa ovqat qilishimizu pechkada choy qaynatib ichishimiz kayfiyatimizga taʼsir koʻrsatolmasdi. Oʻyinlarning turi koʻp boʻlardi. Maktabda yaxshi oʻqimagan “ikkichi” bolalarni davramizga koʻpam qoʻshavermas edik. Chunki bizning qishlogʻimizdan bundaylar chiqishi mumkin emas edi. Ular qachon aʼlo baholarga oʻqishni boshlasa, keyin bizning turfa oʻyinlarimizga qoʻshilardi.

Hammasidan ham maroqlisi, toʻyimli qishloqcha shashka oʻyini boʻlardi. Shashkani ham qishloqchasi va toʻyimlisi boʻlarkanmi deysizmi? Albatta boʻladi. Maxsus taxtaga shashka taxtasini chizib olardik. Oq donalar rolini yongʻoq, qora donalar rolini oʻrik oʻynardi. Qoidalar oʻsha. Faqat har bir yutib olingan dona shu zahotiyoq paqqos “tushirilardi“. Jiyda, bodom, olma va boshqa mevalardan ham shashka donasi sifatida foydalanardik. Bolalardan birortasi anor olib chiqishsa bormi, shashka oʻyini haqiqiy toʻyga aylanib ketardi. Axir atrofdagi “Poddeshkachi” bolalar har bir yutib olingan donalarni oʻzgacha quvonch bilan qabul qilardi. Chunki bu yogʻi anorlar barg chiqarishga qarab ketyapti. Odamlarning uylarida anor oxirlab qolgan, ayrimlarnikida tugagan ham boʻlardi. Bizning qishloq odamlari bozorlardan meva sotib olmasdi. Oʻzlari qishdan chiqquniga qadar yetadigan meva-cheva, ilik uzildi vaqtda qiynalib qolmaslik uchun koʻplab yeguliklar gʻamlab qoʻyardi.

Navroʻz bayrami oʻzining iliq, yoqimli havosi bilan qishloqdagi bolalarga bir olam quvonch olib keladi. Qishda ham maxsus yogʻochlardan, yelim idishlardan va mashina balonlaridan chanaga oʻxshash bir narsalar yasab, qorda maroq bilan uchsa boʻladi. Ammo qishda havo oʻzgaruvchan boʻladi, ozroq quyosh chiqishi bilan qorlar erib ketadi. Keng dalalar loy boʻladi. Loy dalada chopib-chopib oʻynab boʻlmaydi. Bahorning iliq yomgʻirli kunlarida kim yashindi, quvlashmachoq, uzoqqa chopdi, loy-loy, oq terakmu-koʻk terak oʻyinlarini oʻynasa boʻladi. Agar yomgʻir sharros quysa, panada baxru-bayt, tez aytish, ertak aytdi, koʻp topganga shahar berish, laylak keldi va boshdan chertar oʻyinlari oʻynaladi.

– Lanka tepishni yaxshi koʻraman,– deydi Karmana shahridagi 30-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Murodbek Sattorov. – Ammo koʻp tepolmayman. Qishloqdagi oʻrtoqlarim tinimsiz mashq qilsang, koʻp tepishni oʻrganib olasan, deydi. Ular bir tepishni boshlasa 100-150 ta tepadi. Sanayverib charchab ketadi odam. Har gal buvimlarnikiga borganimda qishloq bolalaridan qiziq-qiziq oʻyinlarni oʻrganib kelaman. Shaharga qaytgach, uni doʻstlarimga ham oʻrgataman. Dadam maktabga ketayotganimda tushlikka deb byergan pullarini tejab, koʻchadan pullik oʻyinlardan oʻynar edim. Koʻchadagi “kompyuterxona”lardan oʻyin choʻntakka zarar, qolaversa, sogʻlikka ham ziyoni borligini endi angladim.

Hozir shahar bolalari nima bilan mashgʻul? Telefon “titkilashdan“ boʻshamaydigan bolalarga koʻcha-koʻyda koʻp koʻzimiz tushadi. Vaqtini bekor oʻtkazmayotganlari ham bor. Turli oʻquv kurslariga, qoʻshimcha darslarga borayotgandir. Xorijiy tillarni oʻrganayotgandir. Ammo koni foyda boʻlgan milliy oʻyinlarimizni ham oʻrganib qoʻysa, nafaqat oʻrganib, balki koʻp qavatli uylarning oldida bolalar uchun qurilgan maxsus oʻyingohlarda oʻynab tursa, yaxshi boʻlardi. Bunda esa milliy oʻyinlarni bolalariga oʻrgatishda kattalarda qunt boʻlsa, hafsala boʻlsa kifoya. Zero, hech bir ota-ona begʻubor bolalarini texnikaning quliga aylanib qolishini xohlamaydi.

Ulashing | Поделись этим: