Yaponlar farzandiga qanday tarbiya beradi?

Bugun ertalab ishga ketayotgan edim. Metroda bir bolakayga ko‘zim tushdi. Boshini kitobdan ko‘tarmay ketdi ancha joygacha. Havasingiz keladi-vey.

Chidab turolmadim. Yonida joy bo‘sh ekan. O‘tirib savolga tutdim. Yapon xalqiga sumimasennn(uzr), deb uzoqdan gap boshlamasangiz qo‘rqib ketadi. Men ham uzr deb ,savolga tutdim. Javob bergisi kelmay javob berdi.

– Qanaqa kitob o‘qiyabsan?
– Maktabdan bergan uyga vazifamni qilyapman.
– Nega uyda qilmading?
– Uyda ham qildim. Bu yerda ham qilaman. Bilasizmi? Man ko‘p kitob o‘qishim kerak.
-Nimaga?
– Otam bilan onam ajrashgan. Onam meni, juda ham qiynalib katta qilyapti. Baitoda( Soatbay ishlash) ishlab juda ham qiynalayapdi. Men hozir zo‘r o‘qisam kelajakda o‘zimni kaishamni (kompaniya) ochib, onamlarni shachou (kompaniya boshlig‘i) qilib tayinlayman. O‘zimizning uyimiz bo‘ladi… Meni boqishdan qiynalaman, bola kerakmas deb ajrashib ketgan otamga ham yordam qilaman deydi…

Ko‘zlarimga yosh keldi. Noto‘g‘ri savol berib qo‘yganimdan hijolat bo‘lib, chalg‘itish uchun gapni bo‘ldim.

– Satoukun, (ismi satou ekan, kun qo‘shimchasi erkalab chaqirishda ishlatiladi) dars qilishni yaxshi ko‘rasanmi?
– Ha, juda ham. Onam aytganlar menga, dars qilsam, yaxshi odam bo‘lsam, odamlarga yordam bersam davlatga ziyonim tegmasa tengokuga tusharkanman.
– Tengoku nima?
-Tengokuni bilmaysizmi? Men sizni kiyimlaringizni, qo‘lingizdagi kitobni ko‘rib aqlli odam deb o‘ylagandim. Iye, ha siz gaikoujinsizku (xorijlik) shunga tushunmadingiz shekilli. Tengoku degani odam o‘lgandan keyin boradigan joy. Yaxshi odamlar tengokuga tushadi. Yomon odamlar jigokuga.

Bu gaplarini eshitib, Jannat va Do‘zax haqida gapirayotganini fahmladim. Yana savolga tutdim:
– Satoukun, Jigokuga(do‘zax)ga qanday odamlar tushadi?
– Davlatdan aldab pul undirganlar, masalan, o‘qimay, ishlamay, pulim yo‘q pul beringlar deb faqat davlatdan pul undiradiganlar tushadi. Yomon odamlar tushadi. Dadamni ham tushadi deb aytishdi menga. Lekin men xohlamayman.

Bo‘ldi, men keyingi bekatda tushaman. Bay-bay.

– O‘qishlaringa omad. Ukajon, ilohim barcha orzularinga erishgin…

Bola tushib ketdi. Qarasam ancha bekat o‘tib ketibman. Kun bo‘yi bola bilan bo‘lgan suhbat haqida o‘yladim. Hali boshlang‘ichda o‘qiydigan bolani, fikrlashi-yu, aqlliligiga tasanno aytdim. Farzand tarbiyasiga qoyil qoldim.

Yaponiyani ancha buncha davlatlardan ildamlab ketganini sababini tushungandek bo‘ldim. O‘qimasa hech kim bo‘lolmasligini, oddiy soatbay ishda ishlab o‘tib ketishini, kelajakda katta kompaniyani yuritaman deb bolaligidan qattiq harakat qilgan Satoukunlar rivojlantirgan ekan Yaponiyani. Juda ko‘p yaponni ko‘rasiz o‘zimni kompaniyamni ochaman deb qattiq o‘qib, soatbay ishlab, uxlamay yurganliklarini. Shu sababdan yapon kompaniyalari dunyoda kuchayib ketgandir balki. Davlatni aldasang, jigokuga tushasan degan gapi juda o‘yga soldi odamni.

Baraka top, Satoukun. O‘zingdan necha barobar yoshi katta akangga jigoku, tengokudan, hayotdan, tirishqoqlikdan, kitob o‘qishdan dars berib qo‘yganing uchun…

Muborak onlarida duo qilaylik, azizlar, bizning yurtimizdan ham shunday, bolajonlar chiqib, yoshlar chiqib, katta-katta kompaniyalar ochib, kuchli olimlar chiqib, ota-bobolarimizni munosib vorislari chiqib O‘zbekistonimizni Yaponiyadek, boshqa rivojlangan davlatlardek yuqori cho‘qqilarga olib chiqsin, Ilohim…

Bahodir Iskandarov
(azon.uz)

Ulashing | Поделись этим: