Oddiy smartfon yana 20 yildan keyin superkompyuterga aylanadi

Yana 20 yildan keyin zamonaviy superkompyuterlar imkoniyati oddiy smartfonlarda ham paydo boʻladi, dedi Intel kompaniyasi tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha bosh direktori Ivan Kuzmin RIA Novostiga bergan intervyusida.

“Agar hisoblash imkoniyatlariga qaraydigan boʻlsak, 1994-yilgi superkompyuterlarning imkoniyatlari hozirgi smartfonlar imkoniyatlari bilan tenglashadi. Agar kelajakka qaraydigan boʻlsak, yana 20 yildan keyin bugungi superkompyuterlar bajaradigan ulkan miqdordagi murakkab vazifalarni oddiy smartfonlarda ham bajarish mumkin boʻladi”, – deydi Kuzmin.

Uning fikricha, “agar bu aytganlarim amalga oshadigan boʻlsa, matnlarni sinxron tarjima qila olamiz, odamlar bilan uning tilini bilmasak ham gaplasha olamiz, murakkab konstruksiyalarni modellashtiramiz va shu zahotiyoq maʼlumot olamiz”. “Jahon ushbu yoʻnalishda harakat qilmoqda. Yaqin 10-20 yilda superkompyuterlar imkoniyatidan hamma foydalanishi mumkin boʻladi”, – qoʻshimcha qildi u.

Kuzminning aniqlik kiritishicha, hozirgi kunda Aurora superkompyuterining bir soniyada bajarayotgan operatsiyasini inson 31,7 trillion yilda bajargan boʻlardi.

Ulashing | Поделись этим: