Buyuk oʻqituvchi oʻquvchilarni ilhomlantiradi

Pedagogikada “Oʻrtacha oʻqituvchi mavzuni gapirib beradi, yaxshi oʻqituvchi tushuntiradi, zoʻr oʻqituvchi mavzuni koʻrsatib beradi, buyuk oʻqituvchi esa oʻquvchilarini mavzuga qiziqtirib, ilhomlantiradi”, degan gap bor. Durdona Sharipova ham mavzuni oʻquvchilariga koʻrgazmalar yordamida asosli koʻrsatib  beradigan, oʻquvchilarini fanga qiziqtirib, ilhomlantirib kelayotgan pedagogiklardan biridir.

Muallima ayni paytda Uchtepa tumanidagi 81-umumtaʼlim maktabida faoliyat yuritib kelmoqda. U oʻzining 20 yildan ortiq samarali pedagogik faoliyatida “Dunyoni kaptardek uchib ketadigan soʻzlar emas, haqiqiy hisob-kitob boshqaradi. Bu esa matematikadir”, degan aqidaga rioya qilib, tinimsiz izlanmoqda.

Pedagog 2005-yildan hozirgi kunga qadar matematika fanidan Respublika taʼlim markazi qoshida tashkil etilgan yangi avlod darsliklarini tajriba-sinovdan oʻtkazish boʻyicha ekspert guruhining aʼzosi sifatida amaliy taklifi va taqrizlari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. “Matematika fanini oʻqitishda koʻp variantlilik tizimi” nomli uslubiy qoʻllanmasi chop etilgan.

Bir necha yillardan buyon D.Sharipova olimpiada va Bilimlar bellashuvining matematika fani boʻyicha hakamlar hayʼati aʼzosi sifatida ham faoliyat olib bormoqda.

2017-yilda tuman va shahar miqyosida tashkil etilgan “Mahorat maktabi”da trener oʻqituvchi sifatida samarali faoliyat yuritib, oʻqituvchilarga matematika fani oʻqitilishi yuzasidan ilgʻor metodik tavsiyalar va zamonaviy yangi pedagogik texnologiyalar bilan darslarni optimallashtirish bilan dars samaradorligini oshirish usullarini keng targʻib qildi. Shu bilan birga, Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi “Multimedia markazi” bilan hamkorlikda 2016-yildan hozirgi kunga qadar tasvirga olingan darslari sifat jihatidan yuqori baholanib, keng miqyosida ommalashtirildi. Bu videodarslardan Respublikamiz pedagoglari oʻzlarining ijodiy faoliyatlarida unumli foydalanib kelmoqda.

Izlanuvchan muallima darslarga tayyorgarlik jarayoni va toʻgarak mashgʻulotlarida oʻquvchilari bilan ijod qilib yaratgan 100 dan ortiq ilmiy, koʻrgazmali qurollardan pedagogik faoliyatida mahorat bilan foydalanishi natijasida oʻquvchilarining oʻzlashtirish samaradorligi oʻsishiga erishib kelmoqda. Natijada bir necha yillardan buyon muntazam ravishda matematika fani boʻyicha oʻtkazilib kelinayotgan olimpiada va Bilimlar bellashuvi musobaqalarida faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda.

Durdona Sharipova 2017-yilda “Yil oʻqituvchisi” koʻrik tanlovining tuman va shahar bosqichida faol ishtirok etib, faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan.

2018-yildan buyon matematika fani boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan “Tayanch maktabi”da birinchi ustoz sifatida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shuningdek, 2021-yil dunyoning ilgʻor davlatlarining oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan xalqaro baholash tadqiqotlari (PISA) ga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadidagi seminarlarda tuman va shahar miqyosida oʻzining PISA tadqiqotlariga oid ilmiy-amaliy masalalari yuzasidan maʼruzalari bilan qatnashib kelmoqda.

Barchaga maʼlumki, koronavirus pandemiyasi tufayli respublikamiz boʻyicha joriy etilgan karantinga koʻra maktab oʻquvchilari uchun Toshkent shahri miqyosida ilgʻor oʻqituvchilardan iborat guruh tuzildi. Ular fanlar boʻyicha oʻtiladigan onlayn darslar uchun bir necha koʻrsatkichlar asosida saralab olindi. Bu onlayn darslarni turli xil texnologiya va slaydlardan foydalanib oʻtgan Sharipova D.M.ga oʻquvchilar va ularning ota –onalari hamda ustozlaridan yuzlab minnatdorchiliklar bildirildi.

Sharipova D.M koʻp yillik tajribaga ega ilgʻor pedagog sifatida “Ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirgan holda tuman, shahar yosh oʻqituvchilarining ham ustozi hisoblanadi.

Uning kamtarona mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. 2016-yil Respublikamiz Prezidenti Farmoniga koʻra “Shuhrat medali” bilan, 2020-yilda esa XTV buyrugʻi bilan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni va Faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.

uzedu.uz

Ulashing | Поделись этим: