9-sinf oʻquvchilari qiziqishiga koʻra kasb-hunar maktablariga qamrab olinadi

Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf oʻquvchilarini 2019-2020 oʻquv yilida qiziqishlariga koʻra kasb-hunar maktablariga qamrab olish rejalashtirilgan.

2020-yil 30-mayga qadar professional taʼlim muassasalari roʻyxati, manzili, kasb va mutaxassisliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Xalq taʼlimi vazirligining hududiy xalq taʼlimi boshqarmalariga taqdim etiladi.

2020-yil 30-maydan professional taʼlim muassasalarida tayyorlanayotgan kasb va mutaxassisliklarning xususiyatlari, hududda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi va bitiruvchilarni keyinchalik ishga joylashtirish istiqbollari haqida tuman (shahar) hokimliklari, bandlikka koʻmaklashish markazlari, ish beruvchilar, boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda hududiy boshqarmalar mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilinishi va targʻibot-tashviqot ishlarini olib borilishini tashkil qilish choralarini koʻradi.

Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari boshliqlari 2020-yil 30-mayga qadar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan taqdim etilgan professional taʼlim muassasalari roʻyxati, manzili, kasb va mutaxassisliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tuman(shahar) xalq taʼlimi boʻlinmalari orqali oʻquvchilar uchun tushunarli usulda hamda ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) uchun tavsiyalar sifatida har bir umumtaʼlim maktabiga yetkazadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari hamda hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari boshliqlari 2020-yil 1-iyulga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida kasb-hunar maktablarida taʼlimni davom ettirish istagida boʻlgan umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari (birinchi navbatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlari) roʻyxatini shakllantiradi.

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari 9-sinf bitiruvchilarining shaxsiy hujjatlar yigʻma jildi bitiruvchining ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning kasb-hunar maktabi direktori nomiga yozilgan ariza, biometrik pasporti nusxasi, agar bitiruvchi pasport olmagan boʻlsa, uning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi, 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurati (rangli), umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma kabi hujjatlardan iborat boʻlishi kerak.

Shuningdek, kasb-hunar maktablari qabul kvotasi va ularga qabul qilish tartibi boʻyicha qoʻshimcha axborot taqdim etib boriladi.

uzedu.uz

Ulashing | Поделись этим: