Oʻzbekiston maktablarida darslar yangi oʻquv yilida ham onlayn rejimda davom etadimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimida onlayn taʼlim berish faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun eʼlon qilindi.

Qayd etilishicha, vazirlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali ota-onalar, oʻqituvchilar va oʻquvchilar tomonidan yuborilgan koʻplab takliflar inobatga olinib, oʻquvchilarga maktab va maktabdan tashqari bilim olish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratish, videodarslar yordamida oʻqituvchilarning uzluksiz malaka va koʻnikmalarini oshirib borish, videodarslardan “mahorat darslari” sifatida foydalanish maqsadida muhokamaga qoʻyilgan hujjat bilan mamlakatimizda “Online-maktab” loyihasini davom ettirish rejalashtirilmoqda.

Online-maktab loyihasi doirasida 2020-yil avgust oyida 2020-2021 oʻquv yili uchun televizion darslarni tasvirga olish va yangi oʻquv yilidan boshlab efirga uzatish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, televizion darslar hozirda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning farzandlarini oʻzbek tilida taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratib beradi.

Bu 2020-2021 oʻquv yili ham masofadan davom etadi degani emas. Respublika maxsus komissiyasi ruxsat bersa, umumtaʼlim muassasalari sentyabr oyidan boshlab oʻz faoliyatini davom ettiradi.

Buning uchun Xalq taʼlimi vazirining taʼlim muassasalarida yangi 2020-2021 oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi asosida maktablar yangi oʻquv yiliga oʻz vaqtida tayyorlash boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

xs.uz

Ulashing | Поделись этим: