Futbol maydonidagi professor

Xose kasbi hisobchi boʻlgan Katalino Chilavert xonadonidagi toʻrtinchi farzand edi.Toʻrtala bola ham koʻchadan beri kelmas, toʻp ortidan yugurishgani yugurishgan edi. Barchasi Paragvayning mashhur klubi «Sportivo Lukenyo» maktabida shugʻullanardi. Xosening akalari maydonda toʻp tepishar, uning oʻzi esa darvozada turardi. Lekin orzusi hujum chizigʻida oʻynash, gollar kiritish edi. Otasi boʻlmaganida uning futbolni tashlab, boshqa bir ish etagidan tutib ketishi hech gap emasdi.

14 yoshli oʻgʻlining bir safar maydondan koʻzda yosh bilan qaytayotganini koʻrgan ota unga «Senga jarima toʻplari va penalti tepishni hech kim taʼqiqlayotgan emas-ku. Lekin ularni shunaqangi qoyilmaqom qilib bajarginki, keyin boshingni changallagancha ortga — oʻz darvozangga qarab yugurmagin», dedi. Shu soʻzlar uning hayotida burilish yasadi. Xose standart vaziyatlardan toʻp tepa boshladi. Boʻyining balandligi, ammo oyoqlari oʻlchami kichikligi bois u bu ishni ajoyib tarzda bajarardi. Tinimsiz mashgʻulotlar izsiz ketmadi. Uning 20 – 25 metr masofadan turib yoʻllagan har oʻnta zarbasining sakkiztasi darvoza toʻridan joy oladigan boʻldi.

Qahramonimizning toʻpurarlik qobiliyati rasmiy darajada nisbatan kech yuzaga chiqdi. Paragvay terma jamoasi safidagi debyut oʻyinida u kolumbiyaliklar darvozasini penaltidan aniq nishonga oldi. Keyinchalik esa turli milliy terma jamoalarning darvozasini yana yetti bor ishgʻol etishning uddasidan chiqdi. 1978-1979-yilgi mavsum uning faoliyatidagi eng sermahsul davr boʻldi. Darvozabon Xose Chilavert 10 ta golga mualliflik qildi. Qizigʻi, bir uchrashuvda xet – trik muallifiga aylandi. Uchta penaltini aniq amalga oshirdi. ”River Pleyt” jamoasi darvozasiga jarimadan yoʻllagan zarbasi esa Argentina chempionatidagi eng chiroyli gol, deya eʼtirof qilindi. Bu golning oʻziga xos tarixi bor. Gap shundaki, «River Pleyt» posboni Xerman Burgas «Xose haddan ziyod semiz, darvozani qoʻriqlashni bilmaydi. Shu boisdan oʻn bir metrlik jarima toʻpini tepadi», deya qahramonimizni mazax qilgandi. Xose Chilavert vazmin yigit edi. Gʻazabini ichga yutdi. Ammo uchrashuv chogʻida Xerman Burgasning abjagʻini chiqardi. Yaʼni 60 metr masofadan turib u qoʻriqlayotgan darvozani aniq nishonga oldi. Bunaqasi dunyo futbolida deyarli uchramaydi.

Umuman, butun faoliyati davomida Xose Chilavert oʻttiztadan ziyod gol kiritdi.

«Sportivo Lukenyo» klubi safida dastlabki oʻyinini oʻtkazganida u 17 yoshda edi. Ammo vaqtining hammasini futbolga bagʻishlashga shoshilmadi. Futbol bilan parallel ravishda universitetning iqtisodiyot fakultetida oʻqishda davom qildi. Shu boisdan ham safdoshlari unga Professor laqabini berishgandi. Sirasini aytganida, u futbol maydonida ham chinakam professor edi.Oʻzining asosiy vazifasini risoladagidek bajarishdan tashqari, jarima toʻplari oldiga ishonch bilan kelardi. Xose qaysi jamoada oʻynamasin, darhol muxlislarning suyumli futbolchisiga aylanardi.”Sportivo Lukenyo” safidagi uch yillik faoliyatidan keyin u «Guarani» jamoasiga kelib qoʻshildi. Paragvay chempioni boʻldi.Keyin esa Argentinaning «San – Lorenso» klubida toʻp surdi. Lekin faoliyatining koʻp qismi – 11 mavsumni «Veles Sarsfild»da oʻtkazdi. Shu jamoa safida bir necha bor Argentina chempioni, degan nomga sazovor boʻldi.

Xose Chilavertning Yevropada oʻynash niyati oʻzi kutganiday boʻlib chiqmadi. Oʻtgan asrning 90-yillari boshida Ispaniyaning “Saragosa” klubida toʻp surdi. Lekin bu jamoa murabbiylari undan oʻyin intizomiga qatʼiy rioya etishni talab qilishdi. Maydonda oʻzini erkin his etishga odatlangan Xose bunday muhitga koʻnika bilmadi. Ortiga qaytdi va Argentina chempionatida xuddi avvalgidek ishonchli futbol namoyish etishga kirishdi. Qahramonimizning Yevropada omadini sinab koʻrish borasidagi ikkinchi urinishi Fransiyaning «Strasbur» klubi bilan shartnoma tuzishiga olib keldi. Afsuski, bu “sarguzasht” ham uzoq davom etmadi.Bir tomondan u bu klub bilan Fransiya kubogini qoʻlga kiritgan boʻlsa, ikkinchi tomondan jamoa mamlakat ikkinchi divizioniga tushib ketdi. Aksiga olganday, paragvaylik darvozabonning jismoni holati yomonlashdi. Ortiqcha vaznga ega boʻla bordi. Oqibatda klub rahbariyati shartnomadagi tegishli punktni vaj qildi va u bilan tuzilgan bitim bekor boʻldi. Biroq Xose boʻsh kelmadi. Klub bilan sudlashdi. 4,4 million dollar miqdorida tovon puli undirmoqchi boʻldi. Sud ham oz emas, koʻp emas, uch yilga choʻzildi. Oxirida Xose taqdim qilgan maʼlumotnoma soxta ekani aniqlandi. Parij sudi uni shartli tarzda olti oy muddatga qamoqqa hukm qilib, 10 ming yevro miqdorida jarimaga tortdi.

Qizigʻi, Chilavert bu orada hech nima roʻy bermaganidek, Urugvayning «Penyarol» jamoasida faoliyatini davom ettirdi. Bu klub bilan navbatdagi chempionlikni qoʻlga kiritdi. Umuman, Chilavert kutilmagan ishlari bilan doimo koʻpchilikning nazarida boʻlardi. Masalan, bir safar “Milan”ga qarshi oʻyinga borayotib, “Puma” kompaniyasi bilan kelishib oladi. Unga koʻra, Xose shu kompaniya tamgʻasi tushirilgan libos bilan maydonga tushadi.Buning evaziga kompaniya uni 14 ming dollar bilan taqdirlaydi, 60 ta qoʻlqop va uch qop libos sovgʻa qiladi.Chilavert bu tuhfalarni ona – yurti Paragvayga eltib, futbolchilarga tarqatadi.

Mutaxassislar Xose Chilavertning oʻz ustida qattiq ishlaganiga eʼtibor qaratishadi. U oʻzining asosiy vazifasidan tashqari, darvozaga jarima toʻplarini yoʻllash ustida har kuni soatlab vaqt sarflardi. Oʻz yutuqlari xususida esa kamtarlik bilan «Shunchaki, mening boʻyim bir metru 92 santimetr. Oyogʻim oʻlchami esa 39. Shu boisdan toʻpni tepish men uchun qulay», derdi.

Umuman olganda, u hayotda ham xushchaqchaq, samimiy.Bir safar braziliyaliklar ustozi, “Bunyodkor”ni ham bir muddat boshqargan Luis Felipe Skolari shogirdlariga “Darvozaga zarba beringlar. U yerda darvozabon emas, 400 kilogramm yogʻ turibdi, axir”, degan ekan.Jurnalistlar uning bu soʻzlarini Xosega aytishganida, qahramonimiz kulganicha, “Mening vaznim barqaror -250 kilogramm” deya javob qaytargan edi.

Chilavertning shaxsiy natijalariga har qanday darvozabon havas qilsa arziydi. U 1995, 1997, 1998-yillarda dunyoning eng kuchli darvozaboni deb topilgan. Doimo ortiqcha vazn muammosiga duch kelgan Chilavertning bunday natijaga erishishi futbol olamida juda noyob voqea sanaladi. Aytmoqchi, u oʻtgan asrning eng kuchli darvozabonlari roʻyxatida Lev Yashin, Gordon Benks, Dino Dzoff, Zepp Mayer va Rikardo Samorodan soʻng 6 – oʻrinda turibdi.

Katta futboldagi faoliyatiga 2003-yilda yakun yasagan Xose Chilavert maxsus fond taʼsis etdi. Yordamga muhtoj bolalarga yordam berishdek xayrli yumush bilan shugʻullanmoqda. Uning koʻz klinikasi bor. Shuningdek, oʻz brendi ostida qizil vino va choy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.Boshqacha aytganda, biznes olamida ham Professor ekanini koʻrsatyapti.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

xs.uz

Ulashing | Поделись этим: