Kitob oʻqigan baxtli boʻladi…

Kitob bor uy va maskanda zulmat chekinadi, maʼrifat va ilm nuri yogʻiladi, aql-zakovat va tafakkur boyiydi. Olamda yaxshi adabiyot mutolaa qilish saodatidan va farogʻatidan yaxshiroq rohat yoʻq aslida. Karantin davrida kimning uyida koʻp kitobi boʻlsa, uning vaqti chogʻ oʻtgani ham ayni haqiqat.

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi, “Yangi kitob” va “Bayoz” nashriyotlari bilan hamkorlikda saxovatpesha homiylar koʻmagiga turli taʼlim dargohlariga turfa tillardagi va mavzulardagi kitoblarni taqdim etish boʻyicha “Kitob – maʼnaviy nur” aksiyasini boshlab yubordi.

Qisqa fursat ichida ushbu nashriyotlarda chop etilgan ellikdan ortiq adabiyotlar, jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Ortiqali Namozovning “Odilovni otmoqchi edilar”, Paulo Koelyoning «Al Kimyogar», «Iblis va Prim xonim», Deyl Karnegining “Oilada baxtga erishish yoʻllari”, Gi De Mopassanning “Azizim”, Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha”, Vladimir Kuninning «Baloi nafs» asarlari, turli foydali lugʻatlar va test kitoblari, qoʻllanmalar, tarjimalar Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirliklarining Malaka oshirish markazlariga, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga, Toshkent shahri Sirgʻali tumanidagi “Quruvchilar” mahallasiga tuhfa etildi.

Ayniqsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyadagi aksiya kitob yarmarkasiga aylanib ketdi. Kursantlar oʻzlarini qiziqtirgan turli asarlarni maroq va qiziqish bilan mutolaa qildilar, oʻzlariga maʼqul eng sara kitoblarni tanlab oldilar.

— Bugungi kunda nashriyotlarimizning ustuvor maqsadlaridan biri aholi, ayniqsa yoshlar orasida Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusdan biri hisoblangan kitobxonlikni keng targʻib qilish, ularning talab va istaklariga mos adabiyotlarni tayyorlab, chop etishdan iborat, — deydi “Yangi kitob” nashriyoti bosh muharriri Anvar Namozov. – Ming afsuski, har qanday yaxshi kitob ham oʻquvchi yaʼni isteʼmolchiga yetib bormas ekan, koʻzlagan ulugʻvor maqsadlarimizga toʻliq erisha oldik, deya olmaymiz. Shu sababli biz noshirlar oʻz ishimizni zamonaviy bozor talablariga moslangan holda oʻquvchilarga yana-da yaqinroq boʻlishimiz lozim. Xudoga shukr, nomini tilga olishni istamagan homiylarimiz ham maʼnaviyat borasida bizni qoʻllab-quvvatlab kelishmoqda.

— Darhaqiqat, yaxshi kitoblar albatta keng aholi qatlamlariga, olis olis qishloqlarga qadar yetib borishi shart. Shu maqsadda biz respublikamiz miqyosida yuzga yaqin “Isteʼmolchilar kutubxonalari”ni bunyod etish ishlarini davom ettirayapmiz. Hozirga qadar ularning yigirmaga yaqini ishga tushirildi, — deydi Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov. — “Kitob – maʼnaviy nur” aksiyasi shu kunlarda karantin davrida kitob doʻkonlari va bozorlari ishlamayotgan sharoitda oilalarda qolayotgan oʻquvchilar ehtiyojlarini qondirishni koʻzlaydi. Albatta, odamlarni birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash juda muhim. Shu bilan birga “maʼnaviy oshqozon”ni – tafakkurni ham och qoldirishga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Boshqa tomondan, sinovli davrda iqtisodiy aholi bir qadar qiyinlashgan nashriyotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutganmiz. Bugun esa aksiyamizni Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov shaxsan qoʻllab-quvvatladi va uni ommalashtirish zarurligi haqida ijobiy fikrlar bildirdi.

— Federatsiyaning xayrli tashabbusini albatta Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan iliq kutib olindi hamda barcha mahallalarda ham tashkil etish uchun tegishli choralar koʻrishni rejalashtirganmiz, — deydi mazkur vazirlikning matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva. — Aksiyaga boshqa nashriyotlarni ham jalb etgan holda har bir mahalla hududida tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, yangi va koʻrkam holda tashkil etilayotgan Mahalla binolarini homiylar koʻmagida zamonaviy adabiyotlar bilan toʻldirish ham birlamchi vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shunisi aniqki, kitob kirib borgan oilada nur va fayz boʻladi, oʻrganishlar chogʻida koʻp adabiyot oʻqigan oilalarda ajrimlar kamroq kuzatilishiga, xotirjamlik va qut-barakaga, baxtiyorlikka guvoh boʻldik.

Manija Bahriyeva,

jurnalist

Ulashing | Поделись этим: