Abituriyentlar 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qabul kvotalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bakalavriat yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shakliga 103 ming 575, sirtqi ta’lim shakliga 31 ming 350, kechki ta’lim shakliga 5 ming 25 nafar talaba qabul qilinadi. Magistratura yo‘nalishiga esa 10 ming 425 nafar nomzod saralanadi.

Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yilning 20 iyunidan 20 iyuliga qadar (20 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi. Bunda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan hududlarda Davlat xizmatlari markazlari, qolgan barcha hududlarda esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek, Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (www.dtm.uz) orqali hujjatlar qabul qilinadi.

Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi berilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan o‘tkaziladi.

Ulashing | Поделись этим: