Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev maktab va kollej bitiruvchilari bilan ochiq muloqot qildi

Farg‘onaning bugungi yoshlari intilishlariga hayrat va havas bilan boqmaslikning iloji yo‘q. Sababi ilm-fan, adabiyot, san’at va madaniyatning boqiy an’analarini yaratgan ushbu zamin nafaqat zukko kitobxon yoshlarni, balki raqamli texnologiyalarning yosh bilimdonlarini ham tarbiyalayotgani faxrlidir.

Erkin Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati tadbirlar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ana shunday katta maqsadli, ilm, kasb-hunar cho‘qqilariga intilayotgan maktab va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etishdi.

Ochiq va samimiy muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda joriy o‘quv yilida Marg‘ilon shahridagi ta’lim muassasalarini tamomlayotgan 6 441 nafar bitiruvchilarning 250 nafarga yaqin vakillari viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi korxona va tashkilotlar, boshqarma va muassasalar rahbarlari, faol tadbirkorlarga o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Hududdagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati bitiruvchisi Abdulhamid Yoqubov yosh bo‘lishiga qaramay rabototexnika, buyumlar interneti sohasiga qiziqadi, izlanishlari ham talaygina. U yaqinda poytaxtimizdagi Turin politexnika institutining onlayn imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Xalqaro oliygohning talabasi bo‘lgan yosh texnolog viloyatimizda birinchi bo‘lib tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar markazida mukammal dasturlar ustida ish olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

– Markazimiz muhtaram Prezidentimizning tashabbus va takliflari asosida bunyod etildi, – deydi uning rahbari Bahromjon Jalilov. – Eng zamonaviy texnik vositalar, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan markaz bir vaqtning o‘zida 300 nafardan ziyod raqamli texnologiyalarga qiziquvchan yoshlarni qamrab oladi.
8-o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Muhammadyusuf Erkinboyev xorijiy oliy o‘quv yurtlariga onlayn imtihon topshirish davlat nazoratida bo‘lishi, 31-o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Sarvarbek Mahmudov Yoshlar ittifoqi bo‘limlarida “Yosh tarjimonlar” guruhini tashkil etish, iqtisodiyot kolleji bitiruvchisi, yosh hunarmand Ikromjon Karimov, 1-o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Mashhura Xolboyeva, 10-o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Salohiddin Qahhorovlar o‘z hunarmandlik faoliyatlarini kengaytirish maqsadida imtiyozli kredit ajratilishi yuzasidan takliflarini bildirishdi.

Azimaxon Qosimjonova, Tohirjon Ro‘ziyev, Sanjarbek Mahmudov singari o‘nlab bitiruvchilar joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkaziladigan onlayn va amaliy imtihonlarning talab va qoidalari haqida o‘zlarini o‘ylantirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi.

– Ingliz tili bo‘yicha IELTS imtihonlarini onlayn tarzda yuqori ballga topshirdim, -deydi 6-o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Jahongir Ro‘ziboyev. – Qo‘lga kiritgan natijamni tasdiqlovchi sertifikat orqali oliy o‘quv yurtiga kirishda imtiyozga ega bo‘laman. Bizning mana shunday intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlab, orzularimizga qanot berayotgan Yurtboshimizga rahmat.

Robiyaxon Sardorovaning shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Osiyo chempioni bo‘lgani unga O‘zbekiston Milliy universiteti jismoniy tarbiya fakultetida davlat granti asosida o‘qish baxtini ham tuhfa etdi.

Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” majmuasi rahbari A’zamxon Abdullayev, “Oltin metall mahsulotlari” MChJ rahbari Erkinjon Yunusov, “Uzwoolentex” to‘quv fabrikasi menejeri Shavkatjon Sobirov singari o‘nlab faol tadbirkorlar yoshlar bilan fikrlashdilar, bitiruvchilarga har tomonlama maqbul ish o‘rinlari taklif etildi.

– Hunarmandchilikka ishtiyoqmand yigit-qizlarga atlas, adras to‘quvchiligi, gilamdo‘zlik, tikuvchilik, dizaynerlik singari 15 ta yo‘nalish bo‘yicha 400 ta ish o‘rnini taklif etayapmiz, ustoz-shogird an’anasi asosida ham ish o‘rgatib, orangizdan safimizga munosib hunarmandlarni tayyorlaymiz, – deydi “Ismoiljon gilamlari” korxonasi rahbari Ibrohimjon Sultonov.

O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a’zosi Enaxon Siddiqova yuksak parvozlarga shaylanayotgan yoshlarni qutlar ekan, hududda shaxsan davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida bunyod etiladigan yangi oliy o‘quv yurti kelgusida marg‘ilonlik yigit-qizlarning istiqboliga asos bo‘lajagini ta’kidladi.

Uchrashuv nihoyasida bir guruh yoshlarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari, kitob jamlanmalari topshirildi.

Muloqot davomida bitiruvchilarning tadbirkorlik, ilm-fan, kasb-hunar egallashga, intilishi e’tibor va rag‘bat ostida bo‘lib, har bir bitiruvchining kamolida qutlug‘ Farg‘onamiz, ona O‘zbekistonimizning toleyi yashaydi.

Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati

Ulashing | Поделись этим: