O‘qituvchi kim: tarbiyachimi yoki muallim?

Xolbozor Tilovov – 30 yildan ortiq vaqt davomida Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani maktablarida ona tili va adabiyot fanidan dars bergan. Tajribali muallim Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hozirgi davr maktab ta’limi, o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasiga e’tibori, ota-onalar va o‘qituvchilar munosabati, jamiyatdagi salbiy illatlar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘qituvchi kim: tarbiyachimi yoki muallim?

– Ilmni tarbiyadan ajratmaslik kerak: tarbiya ham ilm, ilm berish ham ilm. Qachonki o‘qituvchi dars berar ekan, u kimyo, fizika, chizmachilik, boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi bo‘ladimi – hamma vaqt, ilm beruvchi odam tarbiyani ham bera olishi kerak.

Bola avvalo oilada tarbiyalanadi, unga ota-onasidan qanchadir qobiliyat o‘tadi. Bu qobiliyat barchada bir xil bo‘lmaydi: qaysidir oilada bolaga e’tibor kam bo‘ladi. Ana shu kamchilikni boshlang‘ichdan tortib, bitiruvchi sinfgacha bo‘lgan o‘qituvchilar to‘ldiradi.

O‘qituvchi zimmasida davlat oldidagi, kasb mas’uliyati, agar iymonli inson bo‘lsa, Alloh tomonidan yuklangan mas’uliyat bo‘ladi.

Bolada ruhiy va jisman sog‘lomligidan tashqari, unga yaxshi axloq va uchinchidan, ilm kerak. Qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat’i nazar, shu uch jihatni esdan chiqarsa, ishining bir qismi kemtik bo‘ladi, bolani cho‘loq chumoli holiga solib qo‘yadi. Hatto o‘quv markazlarida o‘qiydigan yoshlar bilan ham mana shu tartibda munosabatga kirishish kerak deb hisoblayman.

Endi yana savol tug‘iladi: tarbiya uchun o‘quvchini jazolash shartmi? Jazo deganda uning turlarini ham e’tiborga olish lozim. Oddiy misol, o‘qituvchining o‘quvchi bilan gaplashmay qo‘yishi, o‘zini arazlagan qilib ko‘rsatishi ham jazo hisoblanadi. Mening yoshim 60da, o‘ylashingiz mumkin, siz ham shunday qilasizmi? Ha, bu – tarbiya usuli. Lekin o‘ta qattiqqo‘llik bilan jazolash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. U hali bola, suyagi mo‘rt, aqli ham kattalarnikidek rivojlanib ketmagan.

Yana bir narsa, biz tinmay tarixda o‘tgan bobolarimiz ilm-fanda yuksaklikka erishganini aytamiz, lekin nima bilan, avvalo tarbiya: oilada, ilm olishda, Qur’on va hadislardagi tarbiya bilan tarbiyalanganlar.

«Bugungi kunda o‘quvchilarni partaga o‘tirg‘izishning o‘zi katta muammo»

– Qadimdan turli davlatlarning ta’lim va tarbiya tizimi o‘zaro uyg‘un bo‘lgan. Bir misol, qadimgi Misr ta’limida shunday masal bo‘lgan: «O‘quvchining qulog‘i yuqorida bo‘ladi, har zamonda tortib turmasa, qulog‘iga gap kirmaydi».

Bugungi voqelikdan ma’lumki, ba’zi bir o‘quvchilarni partaga o‘tirg‘izish, o‘tirishga o‘rgatish o‘zi katta muammo. Unga qanday qilib matematika yoki to‘g‘ri yozish-u ravon nutq bilan gapirishni o‘rgatasiz?!

O‘qituvchining ota-onalar bilan majlisi ham qog‘ozda emas, jonli tarzda ikki tomonning ham faol ishtiroki bilan bo‘lishi zarur, shundagina ta’lim-tarbiyada oldinga siljish mumkin.

Rag‘batlantirish orqali o‘quvchini tarbiyalash

– Men yuqorida o‘quvchiga beriladigan jazo haqida aytdim, lekin shu bilan birga, o‘quvchini ilmga qiziqtirish uchun taqdirlash, mukofotlash degan usul ham bor. Bu o‘qituvchi tomonidan ma’naviy taqdirlash tarzida beriladimi, yoki maktab, xalq ta’limi bo‘limi rahbariyatimi farqi yo‘q — o‘quvchini halollikka, adolatga o‘rgatadi, ilm olishga zavqlantiradi.

O‘qituvchi zoti hech qachon o‘ziga berilayotgan noto‘g‘ri narsani qabul qilmasligi kerak: bu xoh pulli mukofot bo‘lsin, xoh faxriy yorliq. Eng muhimi — bola o‘qituvchining hamma sirini biladi, bolani yolg‘onning rost ekaniga ishontirib bo‘lmaydi. Bir necha yildan beri fan musobaqalarida qatnashib, g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarim mening maqtovimdan boshqa taqdirlash olmagan.

Bu kabi holatlar orqasidan o‘zi uchun naf oladiganlar hamkasblari kulgisiga, qolaversa, o‘quvchilar nafratiga ham duchor bo‘ladi. Bolada kelajakka umid shu taxlit so‘na boradi.

«Otalarda javobgarlik hissi kamayib ketdi»

– Jamiyatda ildiz otgan illatlardan biri oilada otalarda javobgarlik hissi kamayib ketdi. Qiziq bir o‘xshatish keltiraman. Gabriyel Garsiya Markesning «Oshkora qotillik qissasi» nomli asari bor. Bir vaqtlar maktablarda adabiyot darsligi ichiga kiritilgandi. Asardagi eng muhim jihat, bosh qahramon odamlar emas, balki LOQAYDLIKdir. Odamlar orasidagi loqaydlik qahramon darajasiga ko‘tarilib chiqqan.

Xo‘sh, bu bizda ham bormi — ha, bor. Maktabga e’tiborini qaratmagan otalar, erining maktabga sen bor degan gapi bilan kelib gapni eshitib ketaveradigan onalarda ana shu loqaydlikni ko‘rish mumkin.

Dars o‘tmayotgan, bilim va tarbiya bermayotgan o‘qituvchiga: «Sen ishlayotgan joyda bolam bor, nega darsingni tashlab ketding», deb bironta ota-ona aytmaydi. Yoki noto‘g‘ri qistovga olinayotgan o‘qituvchini hech kim himoya qilmaydi. Loqaydlik shu darajaga borib yetgan.

Ishlayotgan o‘qituvchi zimmasiga yana vazifa yuklanaveradi, ishlamayotganini esa jazolab bo‘lmaydi. Negaki, orqasida «akalari» bor. Direktorga ham, boshqa rahbarlarga aytadi: «falonchi»ning qarindoshiman.

Suhbatdosh: Yigitali Mahmudov

kun.uz

 

Ulashing | Поделись этим: