Karantin cheklovlari choʻzilsa, test sinovlari 1-avgustdan boshlanmaydi

Koronavirus pandemiyasi bois mamlakatimizda joriy etilgan cheklovlar barcha sohalar kabi taʼlim, xususan abituriyentlarning oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik jarayonlariga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi.

Shu bois 2020/2021 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlarini sanitariya-gigiyena qoidalariga toʻliq rioya etgan holda oʻtkazish belgilandi.

Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan brifing oʻtkazildi.

– 2020/2021 oʻquv yilida barcha oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari 1-avgustdan boshlanishi belgilandi, – dedi Davlat test markazi boʻlim boshligʻi F.Mirzayev. – Bunda karantin cheklovlarining 1-avgustga qadar choʻzilganligi hisobga olindi. Biroq unutmaslik kerakki, agar karantin cheklovlari choʻzilsa, muddat oʻzgarishi mumkin. Test sinovlari 64 ta binoda oʻtkaziladi. Binolarni tayyorlash ishlari tugatilmoqda. Infeksiya butunlay bartaraf etilganligiga kafolat boʻlmagan sharoitda ming nafar abituriyentni bitta binoda tiqilinch holatda oʻtirishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun ham mazkur oʻquv yilida test sinovlari oʻtkaziladigan binolarda koʻpi bilan 750 oʻrin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kvadrat metr joy ajratiladi. Sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda niqob, qoʻlqop boʻlishi taʼminlanadi. Abituriyentning tana harorati oʻlchanib, dezinfeksiya “tunneli”dan oʻtgach, hudud yoki binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.

Taʼkidlanishicha, test sinovlariga 5 ming 300 nafar guruh nazoratchisi jalb etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kun holatida 5 ming 403 nafar guruh nazoratchiligiga nomzod roʻyxati shakllantirilib, Davlat test markazining «STAFF» maʼlumotlar bazasiga kiritildi. Ulardan 1 ming 956 nafari oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, 3 ming 447 nafari umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlaridir. Joriy yil 2-5-iyun kunlari guruh nazoratchiligiga nomzodlar uchun masofaviy oʻquv-seminar mashgʻulotlari 1-bosqichi yakunlandi.

Abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish oʻtgan yili Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan amalga oshirilgan edi. Joriy yilda shular qatorida Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali ham onlayn rejimda amalga oshiriladi. Shuningdek, taʼkidlash kerak, onlayn roʻyxatdan oʻtish davomida taʼlim muassasalarini avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar elektron toʻlov orqali toʻlovni amalga imkoniyati ham yaratiladi.

Bugungi sharoitni hisobga olib, 2020/2021 oʻquv yili uchun istisno tariqasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovi topshiriladigan fanlar qisqardi. Joriy yilda oʻtkazilishi avvaldan belgilangan 3 ta majburiy fan – ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq tillari), matematika, Oʻzbekiston tarixi fanlaridan test sinovi oʻtkazilmaydi. Faqat tanlangan taʼlim yoʻnalishiga mos 2 ta mutaxassislik fanlaridan test boʻlishi belgilandi.

Mutaxassislik fanlari roʻyxati 2019-yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka Davlat test markazining dtm.uz rasmiy saytida eʼlon qilingan edi. Keyingi oʻquv yilidan boshlab, hamma jarayon belgilangan tartib-qoidalar asosida boʻlib oʻtadi.

Test sinovi topshirilishi koʻzda tutilayotgan ikkita mutaxassislik fanining har birida 30 tadan, jami 60 ta test topshirigʻi beriladi. Birinchi fandan toʻgʻri, deb topilgan har bir test topshirigʻiga 3,2 balldan, ikkinchi fandan toʻgʻri, deb topilgan har bir test topshirigʻiga esa 3,1 balldan beriladi. Abituriyentlarning umumiy toʻplashi mumkin boʻlgan eng yuqori koʻrsatkich 189 ballni tashkil etadi.

Maʼlumki, 2019-yilda qabul test sinovlarida geografiya, tarix fanlarida yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qoʻllanilgan edi. Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishlari, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, ingliz, nemis, fransuz tillari, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari soni koʻpaytirilmoqda.

Shuningdek, ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq tillari) va adabiyot fanidan mustaqil oʻqish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni yanada ortadi.

Abituriyentlarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida matnli testlar, yaʼni matn ustida ishlash bilan bogʻliq boʻlgan test topshiriqlari soni oshirilmoqda.

Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi soʻzlarning toʻgʻri qoʻllanganligini va gaplarning toʻgʻri shakllantirilganligini aniqlash, matndagi soʻzlarning maʼnolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi. Kimyo fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshiriladi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari tuzilmoqda. Fizika fanidan ham nazariy test topshiriqlari soni oshirilgan holda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha koʻpaytiriladi.

Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi va u “Kimyoviy elementlar davriy sistemasi” kabi test sinovi topshirish jarayonida abituriyentlarga taqdim etiladi.

yuz.uz

Ulashing | Поделись этим: