Jasurbek LATIPOV: «Kitob o‘qigan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi»

– Sportchilarda bo‘sh vaqt bo‘lishi juda qiyin masala. Doimiy ravishda mashg‘ulotlarda, musobaqalarda bo‘lamiz. Yaqin yillar davomida hatto oilam davrasida ham uzoq muddat bo‘la olmaganman. Nafaqat yurtimiz, butun dunyoni jiddiy tashvishga solgan koronavirus pandemiyasi tufayli bir necha oy uyimizda, oilamiz bag‘rida bo‘ldik. Ana shu davrda bo‘sh vaqtimiz ham ko‘p bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, mashg‘ulotlar bilan bo‘lib ancha yillardan buyon birorta kitob o‘qimagan edim.

Karantin davrida bir emas, ikkita kitobni o‘qib chiqdim. O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» asaridan shunchalar ta’sirlandimki, xonamni ichidan qulflab olib o‘qidim. O‘qib bo‘lgach ham anchagacha uning ta’siridan chiqolmadim. Onalar borligiga shukur qildim. Adib aytganiday: «Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsayu, onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi – baribir farzandlarini maqtab gapirgan bo‘lardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha qoladi».

Bundan buyon imkon qadar ushbu kitobni qayta-qayta o‘qishga harakat qilaman. Chunki bu kitob onalar, mening onam haqida yozilgan. Shu bois kitob ko‘nglimdan mustahkam joy oldi. Men uchun eng qadrli kitobga aylandi. Bilmadim, balki onalar haqida yozilgan yaxshi kitoblar ko‘pdir. Biroq aynan mana shu kitobni o‘qishdan chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, «Dunyoning ishlari» men uchun onalar haqida yozilgan dunyodagi eng yaxshi asardir. Agar kimki ushbu kitobni o‘qimagan bo‘lsa, albatta o‘qib chiqishlarini maslahat beraman. Onalari tirik bo‘lsa, ularni yanada qadrlashga intiladi, agar o‘tib ketgan bo‘lsa, onasining taftini, mehrini his qiladi.

Bolaligimda «Qaysar chumchuqcha» degan ertak kitob o‘qiganman. Muallifi kim ekanligi ham yodimda yo‘q. Aynan mana shu kitob voqealari uzoq yillar xotiramdan o‘chmay keladi. Umuman, hayotda biror bir muhim ish qilmoqchi bo‘lsam, o‘qigan kitoblarimdagi voqealarni ko‘z oldimga keltiraman. Ularda saboq olishga harakat qilaman. Nazarimda kitob insoni ulg‘aytiradi, mulohaza, mushohadaga chorlaydi. Kitob o‘qigan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Shunday ekan, kitob o‘qishni kanda qilmasligimiz. Kitob har birimizning yaqin do‘stimizga aylanishi kerak.

Jasurbek LATIPOV,
Osiyo, Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon chempionatlari sovrindori

uza.uz

Ulashing | Поделись этим: