Oʻzbek rassomi — dunyoning eng zoʻrlari qatorida

Karikaturachi rassom, boshida doim Margʻilon doʻppili Mahmud Eshonqulovni taxminan 20-25 yildan beri taniyman. U kishining dastxatini darrov payqaysiz. Burni katta, koʻzi nuqtali odamlar obrazi oʻziga soddaligi va oddiyligi bilan jalb etadi. Rassomning karikaturalari jamiyatimizdagi va jahondagi salbiy illatlarni satira tigʻi birla ochib tashlaydi.

Rassom bilan tanishishim ham bir ramziy koʻrinishda sodir boʻldi. Toʻgʻrisi, men oʻzimni karikaturachi rassom hisoblamayman. Karikatura ijodimning bir qirrasi, xolos. Oʻtgan asrning 80-90- yillari baholi qudrat gazeta va jurnallar uchun koʻplab karikaturalar chizar edim. 2000-yillarga kelganda negadir matbuot karikatura berishni deyarli toʻxtatdi. Onda-sonda chiqadigan karikaturalarga arzimagan choychaqa berilar edi. Kunlarning birida kassada Mahmud akani uchratib, tanishib qoldim. U kishi rasmlarimni kuzatib borishlarini aytib, ijobiy fikrlar bildirdi. Men ham u kishini nafaqat rassom, balki aktyor sifatida ham bilishimni aytdim. Oʻsha yillari Mahmud aka “Mushtum” jurnali bilan hamkorlik qilish bilan birga, rahmatli Ergash Karimov boshliq Televizion miniatyuralar teatrida epizodik rollarda ham koʻrinar va ishonchli obrazlar yaratar edi. Suhbat davomida hozir deyarli karikatura chizmayotganimni, buni bosib chiqarishga talab ham yoʻqligini aytdim. U kishi, aksincha, karikatura chizish hamma rassomning qoʻlidan kelmasligini, xalqaro tanlovlar koʻpligi, ularda ishtirok etishim mumkinligi haqida soʻzladi va suhbatdan soʻng meni “Mushtum” jurnali joylashgan qavatga taklif qilib, tahririyat ijodkorlari bilan tanishtirdi. Shu tariqa Mahmud aka meni yana karikatura sohasiga qaytardi. Kaminaga ham u kishi bergan manzildagi xalqaro karikatura tanlovlarida qatnashib, bir necha marta yurtimiz sharafini oqlash nasib etdi.

Mahmud aka asli Fargʻonaning Beshariq tumanidan. Koʻp yillar qishloqda yashab, oddiy kolxozchi, tarozibon, haydovchi, traktorchi kabi kasblarda ishlab kelib, 30 yoshlarida tasviriy sanʼatga boʻlgan muhabbat u kishini Toshkentga kelishga undaydi va Toshkent pedagogika institutining Tasviriy sanʼat fakultetiga oʻqishga kiradi. Mahmud akaning ajoyib kartinalarini koʻrganman. U kishidan yaxshigina manzarachi rassom chiqishi mumkin edi. Lekin u karikaturani tanladi.

Karikatura aslida kulgi emas, achchiq kinoya va darddir. Rassom­ning dunyoda va oʻzi yashab turgan jamiyatdagi hodisalarga munosabatidir. Qolaversa, tanqid mavjud salbiy holatni bartaraf etish uchun qoʻyilgan ilk qadamdir. Tanqidiy nuqtayi nazardan asar yaratish juda mushkul ish. Shu jihatdan ham karikatura jiddiy janr va karikaturachilar jiddiy insonlar hisoblanadi. Tomoshabin yuzida nim tabassum yoki kulgi hosil qilish uchun rassomdan katta bilim va mahorat talab etiladi. Mahmud akaning Toshkentning “Langar” mahallasidagi moʻjaz ijodxonasida koʻp mehmon boʻlganman. Rassomning kutubxonasini uncha-muncha yozuvchilar havas qiladigan darajadagi boy va noyob kitoblar bezab turadi. Bularning koʻpchiligini nufuzli xalqaro tanlovlarining ogʻirligi yarim-bir kilo keladigan yuqori sifatli kataloglari tashkil etadi. Shu bilan birga, Lermontov sheʼrlari, Navoiy, Mashrab, Furqat, Bobur, Nodira gʻazallariyu, Nekrasov, Chexov, Dostoyevskiy, Servantes, Jek London, Mayn Rid, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Oʻljas Sulaymonov, Chingiz Aytmatov asarlari, ilmiy-badiiy, tarixiy kitoblar juda koʻp. “Televizor koʻrmayman, koʻproq kitob oʻqiyman, radio eshitaman”, deydi rassom. Chindan ham karikatura chizish va tomoshabinga fikr berish uchun rassomdan juda katta bilim va zakovat talab etiladi. Shu jihatdan boʻlsa kerak, ayrim mamlakatlar, xususan, AQSHda karikaturachi rassomlar pop yulduzlardan ham koʻproq ­eʼzozlanadi.

Toʻgʻrisini aytganda, Mahmud akani jahon miqyosida yaxshi tanishadi. Chunki u kishining ekologiya, terrorizm, narkomaniya, urush va tinchlik, iqtisodiy qashshoqlik, ijtimoiy adolat, irqchilik va globalizmga bagʻish­langan talay asarlari oltin medalga, Gran-priga, sertifikat va diplomlarga sazovor boʻlgan. Shu bilan birga, rassom Fransiya, sobiq Yugoslaviya, Isroil, Kipr, Eron, Turkiya, Xitoy kabi mamlakatlarda hayʼat raisi sifatida bevosita va onlayn ishtirok etib, hakamlik ­qilganlar.

Mahmud Eshonqulov nomi dunyoning eng zoʻr 100 karikaturachisi roʻyxatidan oʻrin olgan. Xalqaro karikaturachilar uyushmasining faxriy akademigi…

Sodda, samimiy, toʻgʻrisoʻz, chin inson — Mahmud aka allaqachon badiiy qahramon sifatida shoirlar sheʼlarida, yozuvchilar asarlarida oʻz obrazlarini topgan. U kishi Oʻzbekiston rassomlar uyushmasi aʼzosi, 2006-yilda “Oltin qalam” mukofoti, 2008-yil “Xalqlar doʻstligi” ordeniga sazovor boʻlgan.

Chindan ham bugungi kunda Oʻzbekiston va oʻzbek nomini jahonda Mahmud akadek tarannum eta olgan yurtimiz ijodkorlari sanoqli boʻlsa kerak. Uning asarlarida oddiy xalq dardi, quvonchi hamda tashvish va muammolari bor. Oʻylaymizki, Mahmud Eshonqulovni istiqbolda hali yana koʻplab mukofotlar ­kutmoqda.

Shavkat MUZAFFAR,

Oʻzbekiston rassomlar uyushmasi aʼzosi

https://yuz.uz/

Ulashing | Поделись этим: