Mehrni qahrga aylantirmang!

Onasining qo‘lidan mahkam ushlagancha shoshib ketayotgan bolakay yo‘lning qoq o‘rtasida birdaniga yuziga sharaqlab tushgan tarsakidan dong qotdi. Ona ko‘chani boshiga ko‘targancha: “Otangga o‘xshamay har balo bo‘lgur! Ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi? Bu ketishda sen ham otangdan qolishmaysan”, deya jigarbandini haqoratlab ketardi. Afsus… otaning alami yosh go‘dakdan olinmoqda…

Kishi qanday qilib o‘z far­zandini bunchalar xo‘rlashi mumkin?! To‘g‘ri, ona jigargo‘shasi taqdirini o‘ylagani uchun ham uning tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratadi. Kerak payti mehr beradi, kerak paytda dakki. Eng yomoni, ba’zan shu dakkilar beixtiyor, qahrga aylanib ketganini sezmay qolish..

Oliy toifali pediatr, psixolog Barchin Nurmonova bolaga me’yordan ortiq jahl qilishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida shunday fikr bildiradi:

— Go‘dak oppoq qog‘ozga o‘xshaydi. U ota-ona bergan ta’lim-tarbiya, mehr yoki qahr asosida shakllanib boradi. Bola uchun eng ideal inson – ota-ona. Chunki ota-­onagina unga bor mehr-muhab­batini bera oladi. To‘g‘ri, farzand tarbiyasi bilan ko‘proq onalar shug‘ullanadi. Shu o‘rinda ba’zi onalarga savolim bor: bolangizga sochgan g‘azabingiz qachon va qanday foyda bergan? Hurmatli ayollar, bolangiz tasavvuridagi idealini yo‘qotib, uning uchun qahr-g‘azabga to‘la zolim onaga aylanib qolmang.

Shuni unutmaslik kerak, bola yoshligida har narsani boricha qabul qiladi: mehrni ham, qahrni ham. Jigargo‘shangizga o‘z aqlingiz, yoshingizdan kelib chiqqan holda muomalada bo‘lmang. U o‘z nomi bilan bola! Bo‘lar-bo‘lmasga urishib siltayverish, dakki berish, jamoat joyida baqirish bolani sizdan sovitadi. Qahrli ona bo‘lsangiz, bolangiz sizga nisbatan mehrsiz farzandga aylanadi. Bunday holatda farzandingizni qaysidir ma’noda bir umrga yo‘qotasiz. U mehrni endi sizdan emas, boshqa birovlardan, “ko‘cha”dan qidirishni odat qiladi.

— Ba’zan o‘ylab qolaman, meni ota-onam asrab olishganmi yoki ularga umuman keragim yo‘qmi, deb, — deydi ichki bir azob bilan o‘n ikki yoshli bolakay Sh.D. — Har doim, yaxshi bola bo‘lsam ham, kichikroq xato qilsam ham bir xil munosabat — faqat koyish. Ota-onamning men bilan ishi yo‘q. Qancha talpinmayin, ular ko‘ksimdan itarishadi. Yegan shapaloqlarim, eshitgan dakkilarimdan ular rohatlanadiganday. Kuzataman, o‘rtoqlarim qancha xato qilishmasin, ota-onalari jerkib tashlashmaydi.

O‘n gulidan bir guli ochilmagan yosh niholning iztirobiga e’tibor bering-a! Ota-onasi haqidagi o‘y-xayoli odamni junbishga soladi. Aslida unday emasligini sizu biz bilarmiz, lekin bola qanday fikrlayapti?! Bunday o‘y-xayolda yurgan bolakaylar ozmi?!

Mehribon ota-onalar! Farzandingiz siz haqingizda shunday fikrda emasmi? Bolangizga berayotgan mehringizni bir taftish qilib ko‘ring-chi. Jigargo‘shangiz SIZ haqingizda bunday fikrga borishiga aslo yo‘l qo‘ymang!

Irodabonu JABBOROVA,

fikrat.uz

Ulashing | Поделись этим: