Sherzod Shermatov: «O‘qi bolam, odam bo‘lasan!»

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov «Shum bola» filmidagi Ergash Karimovning mashhur iborasini yodga soldi – «O‘qi bolam, odam bo‘lasan!»

Sherzod Shermatovning «Eski shaharliklar oliy ta’limga kamroq harakat qiladi», degan fikri ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ldi. Shu sababli vazir o‘z fikrini qayta izohlab, odamlarni haqiqatni boricha qabul qilishga chaqirdi va quyidagi mulohazalarini bildirdi.

“Avvalo, o‘zim ham shu eski shaharda tug‘ilganimni va barchamizga sevimli bo‘lgan o‘sha mashhur «Shum bola» filmidagi quyidagi epizod aynan bizning ko‘chamizda tasvirga olinganini ba’zi yurtdoshlarimizga eslatib o‘tmoqchi edim (hozir ham shu ko‘chamiz va bostirmamiz bor).

Kuni kecha eski va yangi hududlar orasidagi ushbu tafovut haqidagi haqiqatni aytganim uchun xafa bo‘lish emas, balki undan xulosa qilib, farzandlarimizni o‘qishga yanada qiziqtirsak, shundagina eski shaharlarimiz yanada rivojlanadi. Shaxsan o‘zim shunday insonlar orasida o‘sib-ulg‘ayganim sababli, bu muammo haqida ichimdan his qilib, kuyinib gapirgan edim.

Muammo shundaki, yillar davomida ushbu hududlarda oliy ta’limga qiziqish past bo‘lgandan keyin, oliy ma’lumot talab etiladigan o‘qituvchi, muhandis, vrach, davlat xizmatchisi kabi qator kasb egalari kamayib boradi. Bu esa o‘z navbatida o‘sha hududlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.

Shuning uchun «o‘qib kim bo‘larding» qabilida gapirmasdan, hozir o‘qishga moyilligi bor farzandlaringizga o‘ziga mos yo‘nalishga hujjat topshirishga undashning ayni vaqti. Ushbu vaqtni boy bermaslik kerak! E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘sha kinofilmda taniqli aktyor Ergash Karimovning yana bir gapi bor: «O‘qi bolam, odam bo‘lasan!»

Ulashing | Поделись этим: