Eng yaxshi tadqiqot: koronavirusni ko‘proq kattalar tarqatadimi yoki bolalar?

Janubiy Koreyada o‘tkazilgan keng miqyosdagi tadqiqot 10 yoshdan oshgan bolalar koronavirusni kattalar kabi tarqatishini aniqladi, deb yozadi «The Washington Post».

Ta’kidlanishicha, o‘n yoshdan kichik bolalar koronavirusni boshqalarga qaraganda taxminan ikki baravar kam yuqtirishadi. Bu bolalarning nafas orqali kattalarga qaraganda kam havo chiqarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yana bir taxminga ko‘ra, bolalarning bo‘yi kichik bo‘lgani uchun yerga yaqinroq nafas chiqaradi. Shu bois kattalarning zararlangan havodan nafas olish ehtimoli kamayadi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 10 yoshdan oshgan bolalar COVID-19 ni tarqatishda kattalardan qolishmaydi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 10-19 yoshdagi bolalar atrofdagilarga kasallikni kattalarga qaraganda ko‘proq tarqatishi mumkin. Nashrning yozishicha, bu bolalarning yurish-turishi bilan izohlanadi: garchi katta sinf o‘quvchilarining bo‘yi kattalarniki bilan tenglashib qolgan bo‘lsa-da, ularning gigiyena qoidalariga amal qilishi yosh bolalarnikidan farq qilmasligi mumkin. Bundan tashqari, o‘smirlar tengdoshlari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lgani uchun ham virusni yuqtirish ehtimoli ko‘payadi.

Tadqiqot uchun olimlar 20-yanvardan 27-martgacha oilasida COVID-19 alomatlari birinchilardan bo‘lib aniqlangan 5 706 kishini tanlab olishdi va ushbu bemorlarning 59 073 kishi bilan muloqotini o‘rganishdi. So‘ngra uy sharoitida kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarning hammasini kasallik alomatlari paydo bo‘lishidan qat’i nazar testdan o‘tkazishdi. Uydan tashqarida faqat kasallik alomatlari bo‘lgan kishilar test qilindi.

«The Washington Post» so‘rovnomasida ishtirok etgan ekspertlar mazkur tadqiqotni «hozirgi kungacha ushbu muammo bo‘yicha olib borilgan eng yaxshi tadqiqotlardan biri» deya baholashgan.

Janubiy Koreya tadqiqot orqali koronavirus pandemiyasi sharoitida kuzda maktablarni ochish masalasini yana bir bor ko‘targan.

xabar.uz

Ulashing | Поделись этим: