Arosatdagi ijodiy imtihon va ikkilanayotgan abiturient

Boʻlajak jurnalistlar “Repetitor” gazetasi tahririyatiga tez-tez qoʻngʻiroq qilishib ijodiy imtihon boʻladimi, esse yozamizmi yoki chet tildan test topshiramizmi, deya murojaat qilmoqda.

Biz hozirgacha rasmiy xulosa eʼlon qilinmagani va jiddiy oʻzgarish qilish uchun vaqt oz qolganini aytib ularni tinchlantirdik. OʻzJOKU qabul komissiyasi esa hujjat topshirgan abituriyentlarni ijodiy imtihon boʻlmasligi xususida tinmasdan ogohlantiraverdi. Orada noqulay vaziyat yuzaga keldi. Abituriyentlarni ikkilanishlar ruhan qiynab yubordi. Nihoyat, universitet prorektori Alisher Matyoqubov mavjud vaziyatni izohlashga urindi. Lekin U kishi tomonidan ham dangal xulosa aytilmadi. Shuning uchun boʻlajak jurnalistlarni hamon ikkilanishlar olovi kuydirmoqda.

Xoʻsh, boʻlajak jurnalistlar uchun ijodiy imtihon oʻtkazib boʻlmaydimi, ijodiy imtihon oʻtkazish uchun imkoniyat yoʻqmi?

Yuqoridagi savolga astoydil javob izlansa, imkoniyat topish mumkinligi oydinlashadi.

Avvalo, ijodiy imtihonni qoldirish abituriyentlarga ruhiy jihatdan qattiq zarba boʻladi. Chunki Prezident Shavkat Mirziyoyevning koronavirus pandemiyasi sharoitida kirish imtihonlarini yengillashtirish haqidagi tashabbusidan keyin boʻlajak jurnalistlar benihoya xursand boʻlib esse yozishni astoydil oʻrgana boshlashgandi. Ochigʻi, oʻtgan uch oy mobaynida ular chet tildan test sinoviga tayyorlanishni bir chetga surib qoʻyishdi. Asosiy eʼtiborni ona-tili va adabiyot faniga, esse yozishga qaratishdi. Demoqchimizki, chet til boʻyicha avval oʻrganilgan bilimlar ham ularning yodidan koʻtarildi. Intellektual – ruhiy jarayonlar maʼlum maqsadga yoʻnaltirilganda shunday holat yuz beradi va buning uchun boʻlajak jurnalistlarni ayblash nooʻrin. Kattalar nima deyishsa, ular shunga koʻnishdi. Afsuski, boʻlajak jurnalistlarning sokin ruhiyat osmonida birdan chaqmoq chaqdi. Toʻqmoq bilan bir tushirishdi goʻyo ularning boshiga! Yoʻq, bunday boʻlmasligi kerak! Ijodiy imtihonni qoldirish – muammodan qochish demakdir, yechim uchun chora izlamaslikdir!

Boshqa oliy yurtlari qabul komissiyalari ijodiy imtihonlarni oʻtkazishga astoydil hozirlanmoqda, shu maqsad yoʻlida maqbul choralarni topishmoqda. Shunday vaziyatda boʻlajak jurnalistlar ham ijodiy imtihon topshirishlari uchun imkon topish mumkin.

Bu borada eng yaxshi imkoniyat – Davlat Test markazi bilan hamkorlik qilish. Agar mutasaddilar mavjud vaziyatni hisobga olib bir-birlari bilan til topishishsa, muammoni hal etish yengil koʻchadi. Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, barcha oliy oʻquv yurtlari tarkibidagi jurnalistik yoʻnalishlarga hududlar kesimida oʻrtacha 400-500 nafar abituriyent hujjat topshirgan. DTM bilan kelishgan holda kirish test sinovlari oʻtkaziladigan binolarda bu miqdordagi abituriyentdan ijodiy imtihon olish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Kunduzgi, kechki va sirtqi boʻlim abituriyentlarining barchasidan bir kunda ijodiy imtihon olish imkoniyati mavjud. Yana takrorlaymiz: buning uchun DTM bilan kelishilsa, bas! Kirish test sinovlari uchun uch soat vaqt ajratilganda, ijodiy imtihon uchun alohida bir kunni belgilash va barcha abituriyentlarni oʻz hududlaridagi test topshiriladigan binolarga yigʻish qiyinmi? Bizningcha, buning qiyin joyi yoʻq. Faqat ijodiy imtihon oʻtkazish uchun xohish boʻlishining oʻzi yetarli. Ijodiy imtihonni DTM tomonidan tayinlangan auditoriya rahbarlari va nazoratchilari OʻzJOKU vakillari ishtirokida oʻtkazishadi. Ijodiy imtihon materiallari abituriyentlar kuzatuvida tegishli qutilarga joylanadi va test sinovida boʻlgani kabi muhrlangan holatda tekshirish uchun olib ketiladi.

Yakuniy xulosa shuki, koronavirus bilan bogʻliq murakkab vaziyatni ijodiy imtihonni oʻtkazmaslik uchun sabab qilib koʻrsatmaslik lozim. Mutasaddilar masʼuliyatdan qochishmasin va yoshlarni ikkilantirmasin! Hayot toʻxtab turmaydi. Bugungi vazifa – ehtiyot choralarni qoʻllagan holda avvalgi belgilangan rejalarni roʻyobini taʼminlashdan iborat – ularni oʻzgartirish emas aslo!

Muhammad VALI

Ulashing | Поделись этим: