Apple qanday qilib soatsozlikda shveysariyaliklarni yengdi? - Dono.uz

Apple qanday qilib soatsozlikda shveysariyaliklarni yengdi?

Ilgari qo’l soati uning egasining yuqori mavqega egaligidan darak beradi deb hisoblanar va vaqtni bilib turish uchun qulay vosita edi. Ammo texnologiyalar davriga kelib barchasi o’zgardi va sahnaga yangi o’yinchilar chiqib keldi.

Mana to’rt yildirki, Apple soatsozlik sanoatida yetakchilikni qo’ldan bermay kelmoqda. Kompaniya qanday qilib bu o’yinda Shveytsariya ustidan g’alaba qozondi?

Bugungi soatlarni eslatadigan ilk soat nyurnberglik slesar Petr Genleyn tomonidan 16 asrda o’ylab topilgan. Cho’ntak soati o’sha davrlarda faqatgina oliymaqom aslzodalarda bo’lgan.

So’ngra tashabbusni Buyuk Britaniya qo’lga oldi. Muvozanat spirali, yurgizish mexanizmi va xronometr tufayli Britaniya 18 asrda eng yaxshi soat ishlab chiqaruvchi maqomini oldi. U ishlab chiqargan soatlar vaqtni aniq ko’rsatar, ammo juda qalin edi.

Bugun biz biladigan soatlar esa shveysariyalik soatsoz Abraxam-Lui Brege tomoniddan yaratilgan. Buyuk Britaniya aniqlikka e`tibor qaratgan bo’lsa, Shveytsariya uslubga e`tibor berdi. Tez orada Longines, IWC Schaffhausen va Rolex dunyoning eng yaxshi soatlariga aylandi.

Kvarts inqirozi

Shveytsariya ishlab chiqarishning an`anaviy uslublarini saqlab qolgan bir paytda Yaponiya innovatsion fikrladi. 1969 yilda Yaponiyaning Seiko kompaniyasi birinchi kvars qo’l soatlarini namoyish etdi. Bu soatsozlikda yangi inqilob bo’ldi.

Foto: Retroland

Soat ishlab chiqarish uchun xarajatning kamayishi butun dunyoda soatlar narxi tushishiga olib keldi va Shveytsariyada bu sanoat 60 mingdan ortiq ish o’rnini yo’qotdi. 1982 yil oxiriga kelib butun dunyo bo’yicha mingga yaqin soatsozlik kompaniyalari yopildi. Bu davr kvars inqirozi deb ataladi.

Bu inqirozdan chiqish uchun Shveytsariya qandaydir yangilik o’ylab topishi lozim edi. Shunda Nikolas Xayyek Swatch Group kompaniyasiga asos soldi.

Swatch ajoyib plastik soatlar ishlab chiqara boshladi. Endi soatlar vaqtni ko’rsatish emas, moda vazifasini bajara boshladi.

Aqlli soatlar davri

2012 yilda Erik Migikovski Kickstarter platformasida Pebble aqlli soatlari uchun pul yig’ishga kirishdi. U ishlab chiqarish uchun 100 ming dollar to’plashni maqsad qilgandi, 10 million dollar pul yig’ishga erishdi. Chiroyli ko’rinishi, kuchli akkumulyatori va iOS hamda Android tizimlariga ulana olishi tufayli Pebble birinchi muvaffaqiyatli smart-soatga aylandi.

Foto: Flickr

2014 yil boshida Apple shveysariyalik soatsozlarga hamkorlik qilishni taklif qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo Swatch Group bosh direktori «Biz hamkorlik qilish uchun hech qanday sabab ko’rmayapmiz», dedi matbuotga.

2014 yilda Apple mahsuloti taqdimotiga bir hafta qolganida dizayner Jonatan Ayv New York Times gazetasiga Shveytsariya muammolarga duch kelishini aytdi. Bir necha kundan so’ng odamlar uning nima uchun bunday deganini tushunishdi.

2014 yil 9 sentabrda iPhone 6 taqdimotidan so’ng Tim Kuk sahnaga chiqdi va Apple yana bir taqdimotni amalga oshirishini e`lon qildi. U Apple Watch aqlli soatini namoyish etdi va uni «Apple tarixidagi yangi sahifa» deb atadi.

Foto: Medium

Ko’pchilik ekspertlar Apple Watch dizayniga tanqidiy munosabatda bo’lishdi. Tag Heuer bosh direktori Jan-Klod Biver: «To’g’risini aytsam, bu soatlarni xuddi birinchi kurs talabasi loyihalaganga o’xshaydi» dedi. Ammo tez orada u bu fikrini qayta ko’rib chiqishiga to’g’ri keldi.

Apple tanqidlardan to’xtab qolmadi. Tez kunda Apple Watch tarixdagi eng xaridorgir soatga aylandi. Series 3 Apple Watch chiqqach, kompaniya soatsozlik sanoatida mustahkam o’rin egalladi.

Apple ustunligi

Ilk Apple Watch boshqa shunday qurilmalardan yangi texnologiyalarni har bir kishiga tushunarli qila olish xususiyati bilan ajralib turardi. Apple mahsuloti shuningdek an`anaviy soat va kompaniya dizaynini o’zida birlashtirgandi.

Foto: Flickr

Apple innovatsion jihatdan boshqalardan ajralib turuvchi, shu bilan bir vaqtda barcha uchun tanish mahsulotni yaratdi.

Apple Watch shu darajada rivojlandiki, ko’pchilik hatto nima bo’layotganini ham tushunmay qoldi. Shveytsariyani soatsozlikda yengish oson emas. Va buni aynan Apple uddalay oldi.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes