«Arsenal» «Tottenhem»ga 4ta gol urdi - Dono.uz

«Arsenal» «Tottenhem»ga 4ta gol urdi

Angliya chempionatida 14-turning markaziy uchrashuvi Londonda kechdi. «Emiraytes» stadionida «Arsenal» va «Tottenhem» o‘rtasida kechgan Shimoliy London derbisida muxlislar 6ta golga guvoh bo‘lishdi.

«Arsenal» birinchi bo‘limni 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlagan bo‘lishiga qaramay, o‘yinni 4:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunladi.

Birinchi bo‘lim boshida Per-Emerik Obameyang penaltidan hisobni ochgandi, ammo «shporlar» 4 daqiqa ichida 2 gol urib, oldinga chiqib olishdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida yana Obameyang aniq harakat qildi va dublni rasmiylashtirdi. Endi bu gabonlik futbolchi APLdagi gollari sonini 10taga yetkazdi va to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadamga aylandi.

74-daqiqada jamoaning yana bir hujumchisi Aleksandr Lyakazett mehmonlar darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. 3 daqiqa o‘tib, «kanonirlar»ning urugvaylik legioneri Lukas Torreyra yakuniy hisobni o‘rnatdi. Bu gol uning «Arsenal» safidagi birinchi goli bo‘ldi.

85-daqiqada mehmonlar jamoasi safida Yan Fertongen qizil kartochka olib maydonni tark etdi.

Shu tariqa, Unai Emeri shogirdlari mag‘lubiyatsiz seriyasini 19 o‘yinga yetkazib qo‘ydi. Jamoa oxirgi marta 2-turda, 18 avgust kuni «Chelsi»ga yutqazgan edi.

Endi «Arsenal» ochkolari sonini 30taga yetkazib, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi, «Tottenhem» ochkolari «Arsenal»niki bilan bir xil bo‘lsada, to‘plar nisbati yomonligi tufayli beshinchi o‘ringa tushib ketdi.

Angliya chempionati
14-tur
Arsenal – Tottenhem 4:2
Gollar: 1:0 – 10, penalti Obameyang, 1:1 – 30 Dayyer, 1:2 – 34, penalti Keyn, 2:2 – 56 Obameyang, 3:2 – 74 Lyakazett, 4:2 – 77 Torreyra.
Arsenal – Leno, Papastatopulos, Xolding, Kolashinats, Mustafi (Genduzi, 71), Mxitaryan (Remzi, 46), Torreyra, Ivobi (Lyakazett, 46), Djaka, Belerin, Obameyang.
Tottenhem – Loris, Vertongen, Devis (Rouz, 82), Ore, Foyt, Sissoko, Dayyer, Eriksen, Alli (Uinks, 79), Son Xin Min (Lukas Moura, 79), Keyn.
Ogohlantirishlar: Vertongen (9), Dayyer (32), Mustafi (37), Chaka (49), Alli (65), Torreyra (78).
Chetlatish: Vertongen (85).

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes