Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq! - Dono.uz

Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq!

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasi “Oʻzbekiston xalqi” degan jumladan boshlangan boʻlib, bu Konstitutsiyaning butun mazmun mohiyatini belgilab bergan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Unda Oʻzbekiston xalqining manfaatlari, orzu-umidlari, fuqarolarning munosib hayot kechirishlari, ularning tinchligi, mamlakatdagi milliy totuvlikni taʼminlash oliy maqsad sifatida eʼtirof etilgan.
Aynan shu nuqtai nazardan olganda, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.Mirziyoyev Konstitutsiyamizga muvofiq mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida taʼbir joiz boʻlsa, mamlakat ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi bu eng avvalo, Oʻzbekiston xalqining manfaatlarini barcha darajada ifoda etish, ularga munosib turmush sharoiti yaratish, qolaversa, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini taʼminlash oldimizda turgan eng oliy maqsad ekanligini belgilab berdi.
Shuni mamnuniyat bilan eʼtirof etish joizki, Prezident Murojaatnomasida taʼkidlangan va 2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar sifatida bandlikka koʻmaklashishning yangi davlat dasturini tasdiqlash, unda ishsizlarni kasbga oʻqitish, ularga huquqiy va boshqa maslahatlar berish hamda boshqa ijtimoiy yordam usullaridan keng foydalanish, xalqimizning hayot darajasini yuksaltirish uchun mehnatga munosib haq toʻlash tizimini shakllantirish va aholi real daromadlarini oshirish hamda eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibini qayta koʻrib chiqish, soliq va boshqa toʻlovlarning eng kam ish haqi miqdori bilan bogʻliq boʻlishiga barham berish kabi masalalar koʻrsatilgani eʼtiborli, deb oʻylaymiz.
Ayniqsa, nogironligi boʻlgan bolalar va ularning oila aʼzolarini, boquvchisini yoʻqotganlarni oʻn olti yoshgacha ijtimoiy muhofaza qilish masalasi davlatning doimo diqqat markazida boʻlishi, umrini nogiron farzandiga qarash, uni parvarish qilishga bagʻishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turini joriy etishga oid takliflar hech kimni eʼtiborsiz qoldirmadi.
Eng muhimi, Murojaatnomada belgilab berilgan asosiy gʻoya va takliflar hamda 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi loyihasida oʻz aksini topgani quvonarli.
Chunki, loyihada birgina ish oʻrinlarini tashkil etishni yanada ragʻbatlantirish maxanizmlarini joriy etish maqsadida joriy yilning 30 yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish va unda 2019 yil uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat dasturini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
Davlat dasturida davlat buyurtmasi mexanizmini joriy etish hisobiga iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarida kamida 221,5 ming doimiy ish oʻrni yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish;tijorat banklari tomonidan maqsadli dasturlarga muvofiq mikrokreditlash hisobiga 191,5 ming aholini tadbirkorlikka jalb qilish;fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish orqali 200,4 ming aholini ish bilan taʼminlash;bandlikka koʻmaklashish markazlari orqali 338,7 ming fuqaroni ish bilan taʼminlash, shuningdek, kasbga oʻqitish, huquqiy va boshqa turdagi maslahatlar berish kabi ijtimoiy yordamning nomoliyaviy usullaridan keng foydalanish nazarda tutilishi aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar koʻlamini koʻrsatib turibdi.
Albatta bunday ulkan rejalar endigina loyihalashtirilmoqda, biroq Prezident Murojaatnomasida ulugʻ Imom Buxoriy hazratlaridan iqtibos keltirilganidek, “Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi”.
Qolaversa, “zar qadrini zargar biladi” deganlaridek, bugungi kunda biron-bir kasbga ega boʻlib ish topa olmayotgan yoki oila, bola-chaqa tashvishi bilan begona yurtlarda sarson boʻlib yurgan oddiy fuqarolar uchun ish oʻrinlarini yaratish bilan bogʻliq davlat dasturining ishlab chiqilishi nechogʻlik ahamiyatga ega ekanligini tasavvur etish qiyin emas. Darhaqiqat, xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratish va yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish eng oliy maqsadimiz hisoblanadi.
Qolaversa, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimiz bundan-da yaxshi yashashga munosibdir.
Manba: O’zA
Free WordPress Themes