Buenos-Ayresda navbatdagi medal. O'zbekiston termasining eng yosh a`zosi bronza sohibi bo'ldi - Dono.uz

Buenos-Ayresda navbatdagi medal. O’zbekiston termasining eng yosh a`zosi bronza sohibi bo’ldi

Argentinada o’smirlar o’rtasidagi Olimpiya o’yinlari davom etmoqda. 10 oktabr kungi musobaqalarda O’zbekiston terma jamoasi ikkita medal qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.

Seshanba kungi bellashuvlarda gimnastika bo’yicha mikst musobaqalarida Indira O’lmasovabronza medali sohibasiga aylandi. Milliy olimpiya qo’mitasi bergan ma`lumotga ko’ra, 14 yoshli ushbu atlet O’zbekiston terma jamoasining eng yosh sportchisi sanaladi.

Bahslarda jahon gimnastikasi afsonalari sharafiga nomlangan jamoalar ishtirok etdi. E`tiborlisi, Indira O’lmasova qur`a natijalariga ko’ra o’zbekistonlik afsona – Oksana Chusovitina sharafiga nomlangan jamoa safida bellashuvlarda qatnashdi. Sportchilar aralash juftlik, trampolin, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi bo’yicha kurash olib borishdi. Indira bilan birgalikda «Oksana Chusovitina» jamoasi safida AQSh, Buyuk Britaniya, Misr, Gvatemala, Shvetsiya, Avstraliya, Yaponiya, Germaniya, Argentina hamda Gretsiyadan tashrif buyurgan sportchilar ishtirok etishdi. Indira musobaqa davomida tayanib sakrash, brus, xodadagi va erkin mashqlar bo’yicha chiqish qildi.

Musobaqada birinchi o’rinni «Simona Baylz» jamoasi egalladi. Ikkinchi o’rindan «Maks Uitlok» jamoasi vakillari joy olishdi. «Oksana Chusovitina» jamoasi esa kuchli uchlikka yakun yasab berdi.

To’rtinchi kunda O’lmasovadan tashqari dzyudochi Jayhunbek Nazarov ham sovrindor bo’ldi, u O’zbekiston delegatsiyasi hisobiga ilk oltin medalni olib berdi. Milliy olimpiya qo’mitasi chempion o’zbek sportchisining fikrlari bilan o’rtoqlashdi.

«Jamoamiz bahslarni ishonch bilan o’tkazdi va biz yakunda oltin medal qo’lga kirita oldik. O’zim finalda ispaniyalik raqibimni mag’lub eta oldim. Yakkalik bahslarida unga imkoniyatni boy berib qo’ygandim. Bu safar omad men tomonda bo’ldi. Alamli mag’lubiyatdan so’ng men jangga yana tayyorlana oldim va uni mag’lub etdim. O’smirlar Olimpiya o’yinlari shohsupasida g’olib sifatida turish – bu so’z bilan tasvirlab berib bo’lmaydigan hislardir. Qo’llab-quvvatlaganingiz uchun barchaga rahmat», – deya ta`kidlagan Nazarov.

Jayhunbek Nazarov – oltin medal sohibi
Foto: Anvar Ilyasov

Eslatib o’tamiz, 7 oktabrda Ulug’bek Rashitov (taekvondo, kumush), 8 oktabrda esa Nilufar Yermagambetova (dzyudo, bronza) shohsupaga ko’tarilgan edi.

Shu tariqa, ayni paytga kelib O’zbekiston hisobida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali mavjud. Musobaqalar 18 oktabrda yakunlanadi.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes