«Bunyodkor» stadioni nomi «Milliy» deb o'zgartirildi - Dono.uz

«Bunyodkor» stadioni nomi «Milliy» deb o’zgartirildi

O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi ijroqo’mi «Bunyodkor» stadioni nomini «Milliy» deb o’zgartirish haqida qaror qabul qildi.

Unda O’zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarining uy o’yinlarini o’tkazish belgilab qo’yilgan. «Milliy» stadion shuningdek, O’zbekiston Kubogining yuqori bosqichli o’yinlariga, xalqaro darajadagi futbol bahslariga ham mezbonlik qiladi. U mamlakatning bosh arenasiga aylanadi.

O’FA stadionga muxlislarni jalb qilish ustida ish olib boradi. Ishqibozlar faqatgina futbol uchrashuvlari vaqtida emas, qolgan kunlarda ham stadion atrofida erkin sayr qilishlari, ko’ngil yozishlari uchun bosqichma-bosqich sharoitlar yaratiladi. Stadion muxlislarga yaqinlashish yo’lidan yuradi.

Stadionga tutash hududda barpo etilgan futbol akademiyasi esa O’zbekiston futbol assotsiatsiyasiga qarashli akademiyaga aylantiriladi. Rejaga ko’ra yaqin vaqt ichida O’zbekistonning 14 ta hududiy birligida 1 tadan bolalar va o’smirlar futbol akademiyalari ish boshlaydi. Mazkur akademiyalarni esa O’FA qoshidagi respublika futbol akademiyasi birlashtirib turadi. Ya`ni, hududiy akademiyalarning eng yaxshi futbolchilari respublika futbol akademiyasiga qabul qilinadi.

Foto: O’FA matbuot xizmati
Free WordPress Themes