Innovatsion loyihalar foydalanishga topshirildi - Dono.uz

Innovatsion loyihalar foydalanishga topshirildi

Yakunlangan 2018 yilda 60 ta toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari foydalanishga topshirilishi natijasida 10 ming 600 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bugungi kunda respublikaning deyarli barcha hududlarida, shu jumladan, olis va ish oʻrinlariga talab yuqori boʻlgan joylarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishning yangi quvvatlari yaratilmoqda. Ushbu tashkil etilayotgan korxonalarni zamonaviy texnologik dastgohlar bilan jihozlanishi taʼminlanmoqda. 
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqala tumanida “BOʻSTON MEGA TEKSTIL” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan respublikada ilk bor yillik quvvati 10 million kvadrat metr boʻlgan jinsi matosini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Ushbu korxona jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan Belgiya davlatining “Picanol” kompaniyasidan keltirilgan 30 ta zamonaviy toʻquv dastgohlari bilan jihozlandi hamda 200 dan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.
Shuningdek, respublikamizning sanoat kam rivojlangan tumanlarida ham bugungi kunda yangi korxonalar tashkil etilib, foydalanishga topshirildi. Bular, Andijon viloyatining Ulugʻnor va Boʻz tumanlaridagi “Sof teks” va “Sayyora favvorasi”, Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidagi “Parvoz Xumo Ravnaq Trans”, Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanidagi “Mirzachoʻl teks”, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi “Bunyodkor”, Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi “8-mart”, Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Shashmoxkashshob” korxonalaridir.
Mazkur korxonalarga zamonaviy ip-yigiruv, toʻquv va tikuv dastgohlari keltirilib, oʻrnatilishi hisobiga 1 ming 800 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi.
Ushbu loyihalar hududlarda yetishtirilayotgan paxta tolasini oʻsha yerning oʻzida toʻliq qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, aholisining real daromadlarini oshirish va aholini ish bilan taʼminlashga ham xizmat qiladi.
Manba: O’zA
Free WordPress Themes