Jyeki Chan hayotining “qora tomonlari”ni oshkor qildi - Dono.uz

Jyeki Chan hayotining “qora tomonlari”ni oshkor qildi

Mashhur aktyor Jyeki Chan o‘zining “Never Grow Up” (Hech qachon ulg‘ayma”) deb nomlangan yodnomalarida hayotining “qora tomonlari”ni oshkor qildi. Jumladan, u yomon ota va ayollarga yomon munosabatda bo‘lganini tan olgan. Bu haqda Daily Mail nashri yozmoqda.

Aktyor o‘z kitobida spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygani, o‘g‘liga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqida so‘zlab bergan. U, shuningdek, tez-tez mashina ruliga mast holatda o‘tirishi va bir marta bir kun ichida ikkita qimmatbaho mashinani urib olganini ma’lum qilgan.

“Nochorlikda yashaganingdan keyin, pullar senga ishonch hissini beradi. Men atrofimda ko‘p odam bo‘lishini yoqtirardim, har gal katta kompaniya bilan ovqatlanardim. O‘n yilcha avval men bir yil ichida boshqa odamlarning ovqatlanishi uchun 2 million dollar sarflab yuborganman. Men qimmatbaho sovg‘alar berardim: soatlar, mashinalar, qo‘lda tayyorlangan charm kurtkalar, qimmatbaho vino”, deb yozgan aktyor o‘z kitobida.

Jyeki, shuningdek, birinchi sevgan qiziga yomon munosabatda bo‘lgani, kezi kelganda u bilan birga vaqt o‘tkazmaslik uchun bahona izlaganini so‘zlab bergan.

Aktyorning aytishicha, u vasvasaga tushib, birinchi rafiqasidan pullarni yashirgan, unga faqat pullari kerak, deb o‘ylagan. Jyekining eslashicha, u bir marta rafiqasi bilan janjal vaqtida o‘g‘li Jyeysini ushlab, xonaning narigi burchagiga uloqtirib yuborgan. U, shuningdek, rafiqasiga sobiq “Miss Osiyo” va aktrisa Eleyn Ng bilan xiyonat qilganini tan olgan.

“Men yaxshi ota yoki yaxshi er bo‘lmaganman, biroq o‘g‘lim va uning onasi oldidagi burchimni bajarganman”, deb aytgan aktyor.

Aktyor barcha yomon qilmishlari g‘o‘rligi va o‘ziga ishonchi yo‘qligi oqibati ekanini tan olgan.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes