Maktablarda ijobiy psixologiyani oʻqitish metodikasi joriy etiladi - Dono.uz

Maktablarda ijobiy psixologiyani oʻqitish metodikasi joriy etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi “Maktablarda zoʻravonlikni oldini olish va ijobiy psixologiyani oʻqitish metodikasi” loyihasini amalga oshirishni boshladi.

Loyiha maktablarda oʻquvchilarning emotsional holatini aniqlash va pozitiv psixologiya metodini oʻqitish orqali bullingni oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.

Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQSHlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. Professor Lori Vulf AQSHda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va oʻqituvchilar oʻrtasida stressni boshqarish sohasida, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert. Lori Vulf AQSHning turli taʼlim muassasalarida faoliyat yuritgan.

Maktabda taʼlim oladigan bolalar va oʻsmirlar turli inqirozli vaziyatlarga duch kelishadi. Bu esa dadil fikrlashga va harakatlanishga ziddiyatlar olib kelishi mumkin. Loyihaning asosiy eʼtibori yurtimizdagi maktab psixologlariga ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, oʻqituvchi va psixologlar uchun trening va mashgʻulotlar orqali stressni yengib oʻtishiga koʻmak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha oʻqituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarini oldini olishda yordam beradi.

Loyiha Toshkent shahridagi 241-, 64-, 133-, 324-umumiy oʻrta taʼlim maktablarini qamrab oladi. Ushbu maktab oʻqituvchilari hamda psixologlari bullingni oldini olish va ijobiy psixologiya metodi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallaydi.

Mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ijobiy psixologiyani oʻqitish metodikasini Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga ham joriy etish rejalashtirilgan.

 

Xalq taʼlimi tizimiga oid soʻngi yangiliklar bilan vazirlikning telegram kanali orqali ham tanishib borishingiz mumkin.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

Free WordPress Themes