Yakshanba, Aprel 30, 2017
Milliy komikslar yaratish uchun ssenariylar Tanlovi tashkil etish
N I Z O M I

  I. Umumiy qoidalar
        1.1. Ushbu Nizom “Dono Nashriyoti” muassisligida chop etiladigan “Bilimdon”, “Dono Word”, “Знайка”, “Excellent” bolalar jurnallarida turkum milliy komikslar yaratish uchun eng yaxshi adabiy ssenariylarni tanlab olish tanlovini tashkil etish va o’tkazish tartibini belgilaydi.
        1.2. Tanlovda professional ssenaristlar, yozuvchi-dramaturglar, rassomlar, jurnalistlar, yosh ijodkorlar, shuningdek ushbu mavzuda qiziqarli g’oyalar, fikrlar, takliflar bera oladigan hamyurtlarimiz ishtirok etishlari mumkin.
        1.3. Tanlov “Dono Nashriyoti” hamda “Dono Productions” kinokompaniyasi tomonidan tashkil etiladi va o’tkaziladi.
        II. Tanlovning maqsadi
        2.1. Tanlov quyidagi maqsadlarda o’tkaziladi:
        Eng yaxshi ijodiy kuchlarni milliy komikslar yaratish ustida ishlashga jalb etish;
        Aholi, xususan o’quvchi yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy saviyasini oshirish, milliy an’analarni saqlash;
        O’sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
        Zamonamiz yosh qahramonlari obrazini yaratishga alohida e’tibor qaratgan holda o’quvchilarga insoniylik, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhini singdiruvchi eng yorqin adabiy ssenariylarni tanlab olish.
        III. Tanlov tashkilotchisi
        3.1. Tanlovning asosiy tashkilotchisi “Dono Nashriyoti” MChJ hisoblanadi.
        IV. Tanlov yo’nalishlari va mavzulari
        4.1. Tanlovga taqdim qilinadigan adabiy ssenariylar quyidagi yo’nalishdagi mavzularga asoslangan bo’lishi shart:           a) Zamonamiz yosh qahramonlari obrazi;
        b) O’quvchi yoshlar hayoti;
        v) Milliy ruhdagi yumoristik sarguzashtlar;
        d) Vatanparvarlik mavzusidagi qiziqarli voqealar;
        e) Buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyati hamda milliy an’analar va qadriyatlarimizni, tarixiy va ma’naviy merosni saqlab qolish, shuningdek, mamlakatning maftunkor va betakrorligini ko’rsatish.
        V. Tanlov ishtirokchilari
        5.1. Tanlovda professional ssenaristlar, yozuvchi-dramaturglar, rassomlar, jurnalistlar, yosh ijodkorlar, shuningdek ushbu mavzuda qiziqarli g’oyalar, fikrlar, takliflar bera oladigan hamyurtlarimiz ishtirok etishlari mumkin.
        VI. Tanlovni tashkil etish
        6.1. Ushbu Nizomda belgilangan qoidalar asosida tanlovga 2017-yil 15-fevraldan 15-aprelgacha mualliflik huquqini himoya qilish tashkiloti tomonidan himoyalangan adabiy ssenariylar qabul qilinadi.
        6.2. Milliy komiksning qisqacha mazmuni aks etgan kengaytirilgan ssenariy rejasi (sinopsis) topshiriladi.
        VII. Tanlovni o’tkazish tartibi
        7.1. Tanlov “Darakchi” gazetasi, “MY5”, “Milliy” telekanallarida, “Navro’z” radiosi, Dono.uz, Pressnews.uz va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. (Ta’sischilar belgilab berganidan so’ng aniqlik kiritiladi).
        7.2. Tanlov yakuni 2017-yil 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni e’lon qilinadi.
       VIII. Tanlov ishtirokchilarining asarlarini baholash tartibi
        8.1. Tanlovga taqdim etilgan adabiy ssenariylar “Dono Nashriyoti” Tahririyat kengashi a’zolari tomonidan o’qib chiqiladi. Milliy komikslar yaratish talablariga to’liq javob bera oladigan eng yaxshi adabiy ssenariylar Tahririyat kengashi a’zolarining xulosasiga asosan ishlab chiqishga qabul qilinadi.
        8.2 Tanlab olingan adabiy ssenariylar asosida milliy komikslar yaratish uchun Ijodiy guruh (va/yoki guruhlar) shakllantiriladi.
        8.3. Ishlab chiqarishga berilgan adabiy ssenariylar “Dono Nashriyoti” MChJ mulkiga aylanadi va muallifga qaytarilmaydi. Ayni vaqtda, ssenariy yozgan va uni tanlovga taqdim etgan muallifning huquqlari saqlab qolinadi hamda muallif bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolanadi va qalam haqi to’lanadi.
        8.4. Ishlab chiqarishga berilgan asar muallif tomonidan ma’lum voqelikdan iborat holda yaratilgan bo’lib, milliy komiks tayyorlanish jarayonida voqelikning belgilangan hajmi ortsa qo’shimcha qismlar uchun muallifga ustama haq to’lanmaydi.
        8.5. Asarni ishlab chiqarish jarayonida Ijodiy guruh tomonidan muallif taklif etilib, qo’shimcha voqeliklar yozdirilsa komiksning oshgan qismlari uchun muallifga qo’shimcha haq to’lash kafolatlanadi. Komiks tayyor bo’lib, “Dono Nashriyoti” muassisligidagi “Bilimdon”, “Dono Word”, “Знайка”, “Excellent” bolalar jurnallarida chop etilgunga qadar mazkur adabiy asar Ommaviy axborot vositalari nashrlarida chop etilishi va e’lon qilinishi qat’iyan man etiladi. Aks holda Nashriyot muallif bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga hamda uning asarini ishlab chiqarishdan olib tashlash huquqiga ega.
        8.6. Ijodiy va mafkuraviy jihatdan kuchli, mazmunan qiziqarli, ammo juz’iy kamchiliklarga ega bo’lgan boshqa ssenariylar keyinchalik “Dono Nashriyoti” MChJning ijodiy rejasiga kiritish mo’ljali bilan ro’yxatiga olinadi va muallifga qayta ishlash uchun tavsiya etiladi.
        8.7. Tanlovdan o’tmagan yoki o’tgan bo’lsa ham tubdan qayta ishlashga muhtoj bo’lgan adabiy ssenariylar mualliflarga qaytariladi.
        IX. Mukofot jamg’armasi
        9.1. Tanlovning umumiy mukofot jamg’armasi 20 000 000 (yigirma million) so’mni tashkil etadi.
        9.2. Mukofot jamg’armasi Tahririyat kengashi tomonidan eng yaxshi deb topilgan 4 ta ijodiy ish uchun ajratiladi.
        9.3. Eng yaxshi deb topilgan har bir ijodiy ish uchun 5 000 000 (besh million) so’mdan ajratiladi va mablag’ ijodiy guruh o’rtasida taqsimlanadi.

Tanlov haqida ma’lumotni bu yerda o’qishingiz mumkin.

Free WordPress Themes