O'zbekiston terma jamoasi noyabrda Osiyo grandi bilan bellashadi - Dono.uz

O’zbekiston terma jamoasi noyabrda Osiyo grandi bilan bellashadi

O’zbekiston terma jamoasi 20 noyabr kuni Janubiy Koreya bilan o’rtoqlik o’yinini o’tkazadi, deb xabar bermoqda O’FA sayti.

Noyabr oyidagi FIFA kunlaridan unumli foydalanish maqsadida, Osiyoning kuchli terma jamoalari bilan muzokaralar olib borildi va 20 noyabr kuni Janubiy Koreya milliy terma jamoasi bilan o’rtoqlik o’yini o’tkazish bo’yicha kelishuvga erishildi. Noyabr oyida ob-havo sovuq kelishini inobatga olib, O’zbekiston terma jamoasi Avstraliyada tayyorgarlik ko’rishga qaror qilgan. Shu tufayli, bu o’yin Avstraliyada bo’lib o’tadi.

Avvalroq, sentabr va oktabr oylaridagi FIFA kunlaridan maksimal tarzda foydalanib, 4ta terma jamoa bilan Toshkentda o’rtoqlik o’yini o’tkazish borasida kelishuvga erishilgan edi. Xususan, Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz 6 sentabr kuni Suriya, 11 sentabr kuni Eron, 13 oktabr kuni Shimoliy Koreya va 16 oktabr kuni Qatar terma jamoalariga qarshi Toshkentda o’rtoqlik o’yinlari o’tkazadi.

Eslatib o’tamiz, Osiyo Kubogi kelasi yilning yanvar oyida Birlashgan Arab Amirliklarida bo’lib o’tadi. O’zbekiston «F» guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes