Qayta tiklanuvchi energiya manbalari - Dono.uz

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari

Want create site? Find Free WordPress Themes and plugins.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda Ekoharakat deputatlari guruhi hamkorligida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qonun loyihasini qabul qilishdan maqsad mamlakatning iqtisodiy, energetika va ekologik xavfsizligini mustahkamlash borasida energiya ishlab chiqish jarayonlarida uglevodorod resurslarini tejash va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish maqsadlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishning huquqiy asoslarini belgilashdan iboratdir.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va sohani rivojlantirishning ustuvorligini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarning faoliyatini tartibga solishning huquqiy normalarini belgilash bilan bir qatorda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida imtiyoz va preferensiyalar berish tartibi belgilangan.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, Soliq hamda Bojxona qo‘mitalari, Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari tomonidan qonun loyihasini sohada bozor munosabatlarini “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida yuritishni belgilovchi huquqiy normalar bilan to‘ldirish, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari vakillari tomonidan esa sohadagi ilmiy salohiyat, ta’lim, “nou-xau” tizimidagi treninglar va malaka oshirish masalalarini ham qamrab olish takliflari bildirildi. Ushbu yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari vakillari so‘zga chiqib, qonun loyihasi normalarida tadbirkorlik subyektlariga imtiyoz va preferensiyalarning berilishi o‘ta dolzarb ekanligini e’tirof etdi, taklif-mulohazalarini bildirdi.

Tadbirda siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillarining ham mazkur qonun loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalari tinglandi. Mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga kiritish uchun taqdim etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Manba: O’zA

Did you find apk for android? You can find new Free Android Games and apps.
Free WordPress Themes