Roberto Karlos: «Akademiyalarimni O‘zbekistonga ham olib kirish niyatidaman» - Dono.uz

Roberto Karlos: «Akademiyalarimni O‘zbekistonga ham olib kirish niyatidaman»

Jahon futboli afsonasi Roberto Karlos bugun, 28 yanvar kuni Toshkentga safari yakunida matbuot anjumanida qatnashdi.

– Kecha tunda Barselonada bo‘lib o‘tgan «Espanol»–«Real» o‘yinini tomosha qildim, so‘ng u yerdan to‘g‘ri Toshkentga uchib keldim. Bu yerda bolalar bilan ko‘rishib, ularga master-klass o‘tkazdim, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdim. Charchagan bo‘lsam-da, bugungi o‘tgan kunimdan xursandman. Juda ko‘p ishlayman, hatto «Real Madrid»dan ko‘proq ishlayman. Bu yerga kelishimga hissa qo‘shgan barchadan mamnunman.

– Ispaniyadagi futbol akademiyalari bilan yaqindan tanishsiz. Bugun esa O‘zbekistondagi akademiyalar bilan qisman bo‘lsa-da, tanishdingiz. O‘zbekistondagi futbol maktablari jahon darajasiga chiqishi uchun nimalarga ko‘proq ahamiyat qaratishi kerak?
– To‘g‘ri, mening o‘zimning ham akademiyalarim bor. Bu akademiyalarimni kelajakda O‘zbekistonga olib kirish rejasi ham bor, bu haqda alohida gaplashamiz. Avvalo, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan mashg‘ulotlar va kerakli bilimga ega murabbiylar kerak.

– O‘zbek futboli deganda nimalar ko‘z oldingizga keladi? Odil Ahmedov bilan «Anji»da birga o‘ynagansiz, Rivaldo «Bunyodkor»da to‘p surgan… O‘zbek futboliga bog‘liq birorta qiziqarli voqeani aytib bera olasizmi?
– Odil bilan munosabatlarimiz iliq. O‘zbek futbolida potensial borligiga ishonaman. O‘zbekiston futbolda ko‘proq narsalarga erisha oladi. O‘zbek futboli menga yoqadi.

– Bilishimcha, mehribon farzand ekansiz. Yoshligingizda otangizga yangi uy olib beraman deb va’da bergan ekansiz…
– Oilaga nisbatan g‘amxo‘r bo‘lish faqat Braziliyada emas, butun jahonda odatiy hol. Birinchi shartnomamga imzo chekayotgan vaqtimda shuni niyat qilib, ilk maoshimdan oilamga uy olib berganman. Ular hozir ham o‘sha uyda yashashadi.

– Agar jahon chempioni bo‘la olmaganingizda, YeChLning uchta kuboginini mundial kubogiga almashtirgan bo‘larmidingiz?
– Yo‘q, bunday demagan bo‘lardim. Men barcha sovrinlarni yutishni istayman, degan bo‘lardim, xolos. Baxtimga barcha sovrinlarni yutish menga nasib etgan.

– O‘n yillar ilgari siz va boshqa ko‘plab futbol yulduzlari har xil reklama roliklarida suratga tushishardi. Nega hozir bunday roliklar ishlanmay qo‘ydi, deb o‘ylaysiz?
– Men o‘ynagan davrimda kamida 40 futbolchi bo‘lardi, «Oltin to‘p»ni olish uchun esa 10-15 nafar da’vogar bo‘lardi. Hozir esa ularning soni 3-4 nafar bilan cheklanib qolgan. Raqobat biroz susaygan, ehtimol sabab shundadir.

– Braziliya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgan vaqtdagi yulduzli tarkib a’zolari hozirgacha yig‘ilishib turasizlarmi? Bizda buni choyxona deyishadi, shunga o‘xshash davra saqlanib qolganmi?
– U tarkibdagi futbolchilar hozirning dunyoning turli chekkalarida faoliyat yuritishyapti. Ronaldo «Valyadolid»da, Ronaldino Orlandoda… Shunga qaramay, WhatsApp`da guruhimiz bor va u yerda xabarlashib turamiz.

– O‘FA sizga murabbiylik shartnomasini taklif qilsa, qabul qilarmidingiz? Bugun O‘zbekistonda yosh futbolchilarni kuzatdingiz, ular bilan yutuqqa erisha olaman, deb hisoblaysizmi?
– O‘zbekistonga kelishimdan birinchi maqsad bu yerning madaniyati va bu mamlakat futboli rivojiga hissa qo‘shayotgan odamlar bilan tanishish. Kelajakda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ammo hozir «Real» bilan 5 yillik shartnomam bor.

– Siz o‘ynagan davrdagi «Real» kuchliroqmidi yoki Zidan murabbiyligida ketma-ket uch marta YeChLda g‘olib chiqqan jamoami?
– Men «Galaktikos»ni kuchliroq, deb hisoblayman.

– 1997 yili Fransiya darvozasiga urgan shedevr golingizni qanday xotirlaysiz? Bunday mahoratga erishish uchun nimalar qilish kerak?
– Mashg‘ulotlarga urg‘u berish kerak. Har tomonlama – ham amaliy, ham nazariy jihatdan. Men mashg‘ulotga hammadan oldin kelib, hammadan keyin ketardim. Ana o‘sha mashqlar tufayli bir kun shunday gol urishga muvaffaq bo‘lganman. O‘sha golim sizga yoqadimi? Bunaqasini boshqa ko‘rmaysiz.

– O‘zbek oshxonasi sizga manzur bo‘ldimi?
– Albatta, o‘zbek taomlari menga juda yoqadi. O‘zbek taomlari haqida bu yerga kelmasimdan oldin tushuncham bor edi. Moskvada 3 yil yashaganimda uyimga yaqinroq joyda o‘zbek restorani bor edi. Shuning uchun bu taomlar menga begona emas.

– Hozir «Real» bilan 5 yillik shartnomangiz borligini aytdingiz. Qanday voqea ro‘y bersa va qancha pul taklif qilishsa, «Barselona»ga o‘tardingiz?
– Bu eng o‘ziga xos savol bo‘ldi. Puyol ham Toshkentga kelgan, siz uni «Real» libosida tasavvur qila olasizmi? Xuddi shu kabi men ham «Real»ning timsoli hisoblanaman. Bu klubga o‘zimni butunlay baxshida etganimdan buni tasavvur ham qila olmayman.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes