Bosh sahifa Sport Siz buning tirik guvohisiz! «Kamp Nou»da yozilgan yangi tarix

Siz buning tirik guvohisiz! «Kamp Nou»da yozilgan yangi tarix

22
0

Yevropa chempionlar ligasining 1/8 finalidan olgan tarixiy uchrashuv nihoyasiga yetdi. Birinchi uchrashuvda 0:4 hisobida mag’lubiyatga uchragan «Barselona» javob uchrashuvida kerakli natijani qo’lga kirita oldi.

O’yin Luis Enrike shogirdlarining rejasi asosida boshlandi. Mezbonlar 3-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Rafinyaning uzatmasidan keyin to’p himoyachining boshidan darvozabon maydonchasi oldida turgan Suaresga kelib tushdi va u bosh bilan to’pni posbonning ustidan oshirib qo’ydi.

Bu gol parijliklar jamoasini xavotirga soldi va ular to’liq himoyaga yotib olishdi. «Barselona» futbolchilari raqibning zich himoyasiga qarshi olis masofadan zarbalar berib o’yinni davom ettirishdi. Xususan, bahsning 17-daqiqasida Neymarning aylanma zarbasidan keyin to’p olis ustun yonginasidan o’tib ketdi.

Birinchi bo’limga tugashiga 5 daqiqa qolganida «Barselona» ikkinchi golni urishga muvaffaq bo’ldi. Suares jarima maydonchasiga uzatma berdi. Inesta raqib himoyachisi Markinos bilan to’p uchun kurash olib bordi, bu vaziyatda braziliyalik futbolchi to’pni istalgan tomonga tepib yuborishi mumkin bo’lgan vaqtda sustkashlik qildi va Inseta chiziq ustida to’pni tovoni bilan qaytarib qoldi. To’p Levon Kurzavaga kelib tushdi va buni kutmagan futbolchi o’z darvozasini ishg’ol qilib qo’ydi.

Ikkinchi bo’lim boshi mezbonlar uchun yana omadli keldi va jamoa penalti ishlashga muvaffaq bo’ldi. Inestaning uzatmasidan keyin Neymar chap qanotdan jarima maydonchasiga kirdi, ammo Rabyu uni yiqitdi. Hakam darvoza ortidagi hakam bilan maslahatlashgandan keyin nuqtani ko’rsatdi. Messi kuchli zarba bilan hisobni 3:0 ko’rinishiga keltirib qo’ydi.

Endilikda «Barselona» yana bitta gol ursa, umumiy hisobni tenglashtirib, o’yinni kamida qo’shimcha bo’limlarga ko’chira olishi mumkin bo’lgan vaziyat yuzaga keldi.

O’tkazib yuborilgan uchinchi goldan keyin mehmonlar jamoasi uyg’ondi. Oradan 2 daqiqa o’tib, ular bitta javob to’pini kiritishlari mumkin edi. Mene o’ng qanotda Umtitini aldab o’tdi va jarima maydonchasi uzatma berdi. Kavanining yaqin masofadan bergan zarbasidan keyin to’p ustunga tegib, maydonni tark etdi.

Bahsning 62-daqiqasida parijliklar baribir raqib darvozasini ishg’ol qilishdi. Mehmonlar maydon markazida jarima to’pini o’yinga kiritayotganida kataloniyaliklar sust harakat qilishdi. Yetkazib berilgan uzatmani Kurzava bosh bilan Kavaniga tashlab berdi. Edinson esa taxminan 8 metr masofadan darvozani ishg’ol qildi – 3:1.

Endilikda «Barselona» keyingi bosqichga chiqish uchun qolgan yarim soat ichida 3ta gol urishi talab qilinardi. Agar Kavani 64-daqiqada navbatdagi imkoniyatidan foydalana olganida o’yin taqdiri butunlay hal bo’lardi. Ammo hujumchi birga-bir vaziyatga chiqib, Ter Shtegenni dog’da qoldira olmadi. Darvozabon oyog’i bilan to’pni qaytardi.

«Barselona»ning hujumlari avvalgidek xavfli tus olmayotgandi, muxlislar ham qizg’in qo’llab-quvvatlamay qo’yishdi. Uchrashuvning 74-daqiqasida Messida yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. U bir himoyachini aldab, jarima maydonchasiga kirdi va chap oyoqda zarba berdi, ammo to’p olis ustun yonidan o’tib ketdi.

O’yin tugashiga 5 daqiqa qolganida Anxel di Mariya o’ta qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. U «Barselona» posboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi va darvoza tomon aniq zarba bera olmadi. To’p ustun yonidan o’tib ketdi. Bu vaziyatda raqib himoyachisi Maskerano unga ortdan tashlangan, lekin hakam fol qayd etmagandi.

O’yin yakunlanib borayotgan paytda Neymar katta sahnaga chiqdi. U raqib darvozasi tomon belgilangan jarima zarbasidan to’pni to’qqizlikga mixlab qo’ydi va «Barselona»ni o’yinga qaytardi.

Oradan 2 daqiqa o’tib Messining uzatmasidan keyin Luis Suares birga bir vaziyatga chiqayotganida bor mahoratini ishlatib yiqildi. Belgilangan penaltini Neymar samarali amalga oshirdi va o’z va`dasining ustidan chiqib, «PSJ» darvozasiga 2ta gol urdi.

Hakam ikkinchi bo’limga 5 daqiqa qo’shib berdi. Bu paytda Mark-Andre ter Shtegen ham hujumga o’tib ketdi. Aynan u ishlagan foldan keyin, o’yinga qo’shib berilgan oxirg daqiqa tugashiga 20 soniya qolganida Neymar jarima maydonchasiga uzatma berdi va Serji Roberto yaqin masofadan to’pni darvozaga burib qo’ydi – 6:1!

Luis Enrike va jamoa turnirni davom ettiradi.

Natijada «Barselona» YeChL pley-offi tarixida hali hech bir jamoa uddalay olmagan ishni amalga oshirdi. Hali hech bir jamoa 0:4 hisobidagi farqni butunlay yo’qqa chiqarib keyingi bosqichga chiqa olmagandi

YeChL, 1/8 final

Barselona (Ispaniya) – PSJ (Fransiya) 6:1 (2:0)

Gollar: Suares (3), Kurzava (40, avtogol), Messi (50, penalti), Neymar (88, 90+1, penalti),  Serxi Roberto (90+5) – Kavani (62).
Barselona: ter Shtegen, Maskerano, Pike, Umtiti, Buskets, Rafinya (Serxi Roberto, 76), Neymar, Rakitich (Andre Gomesh, 84), Inesta (Turan, 65), Messi, Suares.
PSJ: Trapp, Mene (Kryxovyak, 90), Markinos, Tiago Silva, Kurzava, Lukas Moura (Di Mariya, 55), Verratti, Rabo, Matyuidi, Draksler (Ore, 75), Kavani.
Ogohlantirishlar: Matyuidi (5), Draksler (14), Pike (23), Buskets (36), Kavani (42), Rakitich (61), Neymar (64), Suares (67), Markinos (90), Verratti (90).

Izoh qoldirish

Please enter your comment!
Please enter your name here