Spirtli ichimliklar ichgan, sigareta va chilim chekkan futbolchilar bir umrga futboldan chetlatiladi - Dono.uz

Spirtli ichimliklar ichgan, sigareta va chilim chekkan futbolchilar bir umrga futboldan chetlatiladi

O‘zbekistonda maxsus komissiya futbolchilarning sog‘lom turmush tarziga qanday rioya etayotganini aniqlab boradi, deb xabar beradi O‘FA sayti.

Spirtli ichimliklar ichish, sigareta, chilim chekish kabi zararli odatlarga mukkasidan ketgan futbolchilar futboldan chetlatilishi ham mumkin. Bu haqda O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov aytib o‘tdi.

«Hukumatimiz mamlakat futbolini oyoqqa turg‘azish yo‘lida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Mana shunday paytda turli illatlar orqali faqat o‘z manfaatini o‘ylaydigan, mamlakat futboli rivojiga to‘sqinlik qiladigan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, maxsus inspeksiya tomonidan futbolchilarning sog‘lom turmush tarziga qanday rioya qilayotgani ham nazorat qilib boriladi.

Ba’zi futbolchilar mashg‘ulotlardan keyin, tungi klublarda ertalabgacha pivo ichib, chilim chekib vaqt o‘tkazishadi. Natijada, muhim o‘yinlar paytida ularning jismoniy tayyorgarligi pand berib qo‘yadi. Bu esa milliy terma jamoalarimizga ham xalqaro maydonlarda xalaqit qilib kelmoqda. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, har bir futbolchi avvalo professional bo‘lishi kerak. Birinchi navbatda jismoniy tayyorgarligi ustida o‘zi qayg‘urishi zarur. Lekin sog‘lom turmush tarziga rioya qilmay, olayotgan katta pullarini faqat maishatga sarflab yurgan futbolchilar maxsus inspeksiya tomonidan aniqlansa, ular bir umrga futboldan chetlatiladi», – dedi Umid Ahmadjonov.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes