Sugʻorishning eng samarali usuli - Dono.uz

Sugʻorishning eng samarali usuli

Andijon viloyati Asaka tumanida suvdan oqilona foydalanish, sugʻorishga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini amaliyotda qoʻllash masalalariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.
Prezidentimizning 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havzasi hamda qishloq xoʻjaligi boshqarmalari mutaxassislari, tuman hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari, Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali professor-oʻqituvchilari, viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va uning hududiy kengashlari raislari, fermer xoʻjaliklari va klasterlar rahbarlari, shuningdek, suv tejaydigan texnologiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi. Viloyatdagi ekin maydonlari, bogʻlarda tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish borasida olib borilayotgan ishlar, yutuq va muammolar xususida fikr almashildi.
– Seminarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdir, – deydi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havzasi boshqarmasi boshligʻi X.Hamidov. – Eng asosiysi, sugʻorishda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali suvni tejash, qishloq xoʻjaligi ekinlaridan yuqori hosil olishga erishish.
10.jpg
Ishtirokchilarga suv tejaydigan zamonaviy sugʻorish usullari, xususan, tomchilatib sugʻorish, tuproq ichidan (ostidan) sugʻorish, egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorish usullarini qoʻllash, ularning oʻrnatilish tartibi, afzalliklari, ahamiyati, iqtisodiy samaradorligi tushuntirildi. Shuningdek, nam saqlovchi “gidrogel”larni qoʻllash tasnifi va talablari haqida maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari Asaka tumanidagi “Kamalak rangli bogʻlar” MCHJ ekin maydonlarida tuproq ichidan (ostidan) sugʻorish texnologiyasini qoʻllash boʻyicha olib borilayotgan ishlar, ilgʻor tajribalar bilan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan ushbu usulni joriy etish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Shuningdek, ilgʻor sugʻorish texnologiyalari, jihoz va asbob-uskunalari koʻrgazmasi namoyish etildi. Ulardan foydalanishga oid uslubiy qoʻllanmalar tarqatildi.
12.jpg
Interfaol usullar asosida oʻtkazilgan mashgʻulotlarda sugʻorishning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish boʻyicha maʼlumot berildi. Suv tejaydigan texnologiyalar ishlab chiqaruvchi “Eco Drip Lux”, “Andburservis” va “INTER POLIMER” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Manba: O’zA
Free WordPress Themes