Toshkentda maʼmuriy inqilob kutilmoqda. Undan nima foyda? - Dono.uz

Toshkentda maʼmuriy inqilob kutilmoqda. Undan nima foyda?

Want create site? Find Free WordPress Themes and plugins.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huqiqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Yuqoridagilar kamsuqumlik bilan “huquqiy eksperiment” deb atagani bilan, aslida bu farmon ulkan maʼmuriy inqilobni boshlab berdi. “Kommersant.uz” jurnalisti Boris Jukovskiy farmonning asosiy jihatlariga eʼtibor qaratdi.

Hujjatning boshida hokimliklar bilan bogʻliq maʼmuriy muammolar sanab oʻtilgan:

  • Hokimlarning boshqa davlat organlari (vazirlik va idoralar) bilan hamkorlik qilishi qiyin. Ayni vaqtda ularning yelkasiga koʻplab qoʻshimcha majburiyatlar yuklatilgan, hokimliklar huzuridagi komissiyalarning vazifalari esa davlat organlarining vazifa va majburiyatlari bilan aralashib ketgan, oqibatda tushunmovchiliklar yuzaga keladi;
  • Toshkentning aniq-tiniq Bosh rejasi mavjud emas. Shu bois kim nima xohlasa va qanday xohlasa qurib yotibdi, rasmiylar esa qurilish biznesi bilan qanday ishlash kerakligini bilolmay halak;
  • Xalq deputatlari kengashlari (shahar va tuman parlamentlari) oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni yaxshi uddalay olmayapti va hokimliklar faoliyatini “lozim darajada” nazorat qilmayapti (aytib qoʻyaylik: farmon bu muammoni amalda hal qilmaydi, shunchaki hokimliklarni yanada kuchliroq nazorat qilish haqida tavsiya beradi, xolos).

Shu munosabat bilan 1-sentabrdan boshlab Toshkentda mahalliy hokimiyat va boshqa davlat organlari oʻrtasidagi munosabatlar oʻzgarmoqda. Kiritilayotgan yangiliklarning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:

  • Endi Toshkent shahar hokimi va shahardagi tumanlar hokimlarining oʻz devonlari boʻladi. Deyarli Prezidentniki kabi;
  • Toshkent hokimi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qurilish vazirligi, Kommunal xoʻjalik vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari boshliqlarini endi oʻzi tayinlaydi. Ha, faqat nomzodlarni tegishli vazirlar bilan kelishib olish kerak boʻladi. Tuman hokimlari ham “oʻz odamlari”ni tayinlashi mumkin, faqat hokim tayinlagan boshliqlar bilan kelishsa boʻldi;
  • Bu vazirliklar bilan bogʻliq tashkilotlar (masalan, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi) amalda hokimlarga toʻliq boʻysundiriladi;
  • Sohalar (vazirliklar)ning respublika boʻyicha rahbarlari yagona davlat siyosati bajarilishi va soha malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlaydi. Hokimlar esa yuklatilgan vazifalarni joylarda samarali bajarilishiga masʼul boʻladi;
  • Vazifalari vakolatli organlarning faoliyati bilan aralashib ketgan koʻplab hududiy komissiya va kengashlar tugatiladi. Masalan, yongʻin xavfsizligi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha komissiyalar — bu vazifalarning bari bilan shundoq ham shahar IIBB shugʻullanib kelmoqda.

Boshqa qiziqarli holatlar:

  • Toshkent kanallarini chiroyli qilish va bahavo joyga aylantirish, ularning oʻzanlarini betonlash va sohillarni obodonlashtirish bilan shugʻullanadigan alohida boshqarma tashkil etiladi (izoh: maʼlumotlarga koʻra, hozirda kanallar boʻyida istiqomat qiluvchi koʻplab odamlarning qonuniy yerlari tortib olinmoqda);
  • litsenziyalar uchun olinadigan koʻplab yigʻimlar (masalan, ulgurji savdo litsenziyasi uchun yigʻim) mamlakat emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri shahar byudjetiga tushadi;
  • Toshkent obligatsiyalar chiqaradi. Ularni sotib olish orqali aholi shahar uchun foydali va kerakli loyihalarga sarmoya kiritishi mumkin;
  • 2019-yil 1-dekabriga qadar shaharning tushunarli Bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bungacha esa Eski shaharda biror narsaga teginish, u yerda nimadir qurish, buzish va hatto restavratsiya qilish ham taqiqlanadi. Shaharning boshqa qismlarida esa loyihachilar biror narsa qurarkan, kamida ijtimoiy obyektlar va kommunikatsiyalar (suv quvurlari, kanalizatsiya va h.k.)larni yaxshilash haqida qaygʻurishlari lozim boʻladi;
  • aholi mahalliy byudjet ijrosini kuzatib borishi, pullar qayerga va qanday sarflanayotganini koʻrib turishi va hali yaxshilash lozim boʻlgan narsalarni hokimiyat vakillari bilan muhokama qilishi mumkin boʻlgan saytlar ishga tushiriladi;
  • umumiy ovqatlanish va savdo muassasalari 23:00 dan keyin ham ishlashi mumkin boʻladi. Qoʻshimcha toʻlov evaziga.

Xulosalar:

Bir tomondan, hujjat juda muhimdek koʻrinadi: takrorlar va bahsli holatlarni olib tashlab, vakolatlarni davlat organlari oʻrtasida normal taqsimlab, kichik boʻlsa-da, lekin uzoq kutilgan maʼmuriy islohotni boshlab beryapti. Mahalliy byudjetga tushadigan yigʻimlar — bu ham hududiy rahbarlarni biznesni rivojlantirishga undaydigan muhim jihatlardan biri.

Boshqa tomondan esa, hujjatda qurilishlarga juda koʻp urgʻu berilgan. Bu yilgi yozning eng “ogʻriqli” mavzusi — mahalliy hokimlik vakillari qonun bilan belgilangan normalarni chetlab oʻtib, fuqarolarning shaxsiy mulkka boʻlan huquqlarini buzishidir. Qurilish va kommunal xoʻjalik sohasidagi koʻplab amaldorlar hokimlarga yanada yaqin boʻlib olishi ehtimoli juda katta, bunday holatda esa vaziyat qay tomonga oʻzgaradi — ochiq qolayotgan savol.

“Huquqiy eksperiment” yakunlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-iyulida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.

Manba: daryo.uz

Did you find apk for android? You can find new Free Android Games and apps.
Free WordPress Themes