Toshkentda qurilayotgan uch pog‘onali yo‘l o‘tkazgich qachon foydalanishga topshirilishi ma'lum bo‘ldi - Dono.uz

Toshkentda qurilayotgan uch pog‘onali yo‘l o‘tkazgich qachon foydalanishga topshirilishi ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahrining Ohangaron va Parkent ko‘chalari kesishmasida shu kungacha xali qo‘llanilmagan 3 qavatli yo‘l o‘tkazgichni qurish jarayoni qizg‘in davom etmoqda, deb xabar beradi«O‘zbekiston temir yo‘llari».

Ishlarning bosh rejasi «Boshtransloyiha» AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra dastlab umumiy uzunligi 484, kengligi 26,7 metrni tashkil etuvchi tunnel quriladi. Mazkur inshootning balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr bo‘lib, har ikki yo‘nalishda 3 ta avtomobil yo‘lagi barpo etiladi. Shuningdek, bu yerda loyiha doirasida yoritish tizimi, suv chiqarish ariqchalari quriladi.

Ikkinchi bosqichda yer sathidan 1 metr balandlikda diametri 50 metrni tashkil etadigan doirasimon yo‘l o‘tkazgich qurish ishlari olib boriladi.

Qayd etilishicha, ushbu hududda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi ulkan yo‘l o‘tkazgich tiklanishi ham rejalashtirilgan. Mazkur inshoot Toshkent viloyatining Parkent, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq tumanlari tomon harakatlanuvchi avtomobillar boshqaruvchilari uchun qator qulayliklar yaratadi.

Xususan, mazkur hududlarga eltuvchi zamonaviy magistral bunyod etiladi. Uning natijasida ushbu hududlargacha bo‘lgan masofa deyarli 20 km.ga qisqaradi. Yirik yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 618, kengligi 30 metrni tashkil etadi va 6 ta avtomobil yo‘lagiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

«Hozirda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi ishchi-xodimlari tomonidan tunnel qazish ishlari olib borilmoqda. Joriy yil oxiriga qadar loyihaga kiritilgan barcha inshootlarni to‘la qurib bitirish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan», – deyiladi xabarda.

Manba: kun.uz

Free WordPress Themes